Andijon viloyatining Marhamat tumanida hokim yordamchisi o`z joniga qasd qildi. Bu haqda «Darakchi»ga Bosh prokuratura axborot xizmati xabar bermoqda.
Marhamat tuman prokuraturasi tomonidan 16 aprel kuni soat 16:15 larda 1984 yilda tug`ilgan, Marhamat tumani, “Sho`rqaqir MFY” Davlatobod ko`chasi 19-uyda yashagan F.M.ning yashash xonadonidagi molxonaning to`siniga arqondan sirtmoq yasab, unga o`zini-o`zi osib vafot etgani holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Tekshiruv davomida fuqaro F.M.ga nisbatan biron shaxs tomonidan muttasil ravishda tazyiq o`tkazish, haqorat qilish va boshqa noqonuniy harakatlar sodir etilmaganligi ma`lum bo`lgan.
Marhumni tanigan insonlarning ma`lum qilishicha, uning o`limiga oilasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar, tijorat banklaridan olgan kredit qarzdorliklari va boshqa muammolar sabab bo`lgan bo`lishi mumkin. Shuningdek, aprel oyi boshida undan ishdan bo`shash to`g`risidagi arizasi olingan. Biroq u bilan tuzilgan shartnoma o`limidan so`ng bekor qilingan.