AsosiyJamiyat

Prezident tashrifida usta bo`lib ko`ringan hokim haydovchisi bo`yicha Farg`ona viloyati hokimligi munosabat bildirdi

'Prezident tashrifida usta bo`lib ko`ringan hokim haydovchisi bo`yicha Farg`ona viloyati hokimligi munosabat bildirdi'ning rasmi

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Prezidentning Farg`ona viloyatiga tashrif doirasida Furqat tumanidagi “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida bo`lganida olingan suratda davlat rahbarining orqasida o`ymakor shogird libosida tuman hokimining haydovchisi turganligi qayd etilgan material e`lon qilindi. Ortidan esa Prezident bilan muloqot qilgan yana bir usta tumandagi 21-maktab direktor o`rinbosari ekani haqida chiqishlar paydo bo`ldi.

Shundan so`ng, Furqat tumani hokimligi rasmiy munosabat berib, haqiqatdan ham, rasmda ko`zga tashlangan shaxs tuman hokimining haydovchisi Ilhom Ahmadjonov ekanini tasdiqlab, u O`zbekiston xalq ustasi Muhammadali Yunusovning shogirdlaridan biriligini ma`lum qildi

Ayni paytda Farg`ona viloyati hokimligi ham ushbu xabarlar bo`yicha o`z munosabatini e`lon qildi. 

Unga ko`ra, Ilhom Ahmadjonov bir yildan beri Furqat tuman hokimligida haydovchi bo`lib faoliyat ko`rsatib keladi. Avvaldan o`zida o`ymakorlikka, duradgorlikka qiziqish borligi sabab, tumanga kelgach “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida milliy yog`och o`ymakorligi san`ati o`rganish imkoniyati mavjudligidan foydalanib, shogird sifatida hunar sirlarini o`rgana boshlagan.

"Kechagi tashrifda ham korxonada doimiy faoliyat olib borayotgan ustalardan tashqari Hunarmandlar maktabining qator o`rganuvchilari ham bo`lishganini e`tiborga olganda, Ilhom Ahmadjonovning ham ular qatorida u erda bo`lishi tabiiy holatdir", - deyiladi munosabatda. 

Qayd etilishicha, kecha Furqat tumani hokimligi tomonidan e`lon qilingan videoda Ilhom Ahmadjonovning o`ymakorlik bilan shug`ullanish jarayonlari hamda shogirdlikda ortirgan ko`nikmalari aks etgan.

Ta`kidlanishicha, Muhammadali Yunusovning korxonasida o`ymakorlik o`rganayotgan shogirdlarning ko`plari boshqa kasb hamda ish egalari.

"Davlat rahbari bilan muloqot qilgan Ilhomjon Sulaymonov, faoliyati davomida maktabda mehnat fanidan o`qituvchi bo`lgan. Hozirda tumandagi 21-maktabda ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha 0,75 stavkada direktor o`rinbosar bo`lib ishlab keladi. Uzoq yillardan beri amaliy o`ymakorlik bilan shug`ullanadi, “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida tushdan keyin usta-o`rgatuvchi lavozimida ishlaydi. 10 nafar shogird biriktirilgan", - deya usta deb ko`rsatilgan direktor o`rinbosari haqidagi chiqishlarga izoh berdi Farg`ona viloyati hokimligi. 

    Boshqa yangiliklar