1

Navoiydagi koloniyalarda jazo muddatini o`tayotgan Ahmadboy, Otabek Sattoriy va Fozilxo`ja Orifxo`jaev haqida ma`lumot berildi

Jamiyat 19.05.2022, 18:57
Navoiydagi koloniyalarda jazo muddatini o`tayotgan Ahmadboy, Otabek Sattoriy va Fozilxo`ja Orifxo`jaev haqida ma`lumot berildi

O`zbekiston Oliy Majlisining inson huquqlari bo`yicha vakili qoshidagi Milliy preventiv mexanizmlar bo`yicha ishchi guruhi Navoiy viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalariga safar qildi. Bu haqda O`zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati matbuot xizmati ma`lum qildi.

Ishchi guruh muassasalarning holati va u erdagi jazo o`tayotgan shaxslar holidan xabar oldi.

Guruh tarkibida ombudsman vakillari, O`zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati hamda «Huquqiy tayanch» jamoat birlashmasi vakillari (faqat Zarafshondagi koloniyada – «Ezgulik») bor edi.

 

Uchrashuvlarda ishtirok etgan «Ezgulik» jamiyati raisi o`rinbosari Bekzod Nurmatovga ko`ra, Zarafshondagi koloniya 2200 kishiga mo`ljallangan. Hozirda bu erda 684 nafar mahkum jazo muddatlarini o`tamoqda, ularning 27 tasi diniy radikal oqimlarga mansublikda ayblangan. Mazkur shahardagi 36-sonli manzil koloniya esa 450 kishini sig`dira oladi. Bu erda 272 nafar mahkum bor.

«Navoiy viloyatining Qiziltepa koloniyasi esa o`z bag`ridan Xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, taniqli jurnalist Xayrulla Hamidovlarni chiqargan, hozirda «xalq orasida mashhur bo`lgan» piramidachi Ahmadboyni saqlayotgan maskan. Bu koloniya 2200 kishiga mo`ljallangan, ayni paytda esa 1123 nafar mahbus bor. Ularning 62 nafari diniy ekstremistik oqimlarga mansub.

Qattiq tartibli bu koloniyada taniqli bloger Fozilxo`ja Orifxo`jaev bilan uchrashdi. «Qamoqxona sharoitidan shikoyatim yo`q. Plastik sexida usta bo`lib ishlayapman. Ammo sud hukmidan noroziman va men qamalishim kerakmasdi» – deydi Fozilxo`ja.

Koloniya ma`muriyatiga ko`ra, bu erga diniy ulamo Abror Muxtor Aliy kelib ma`ruzalar qiladi. Piramidachi Ahmadboy esa «sangorod»da sog`lig`ini tiklamoqda.

Navoiy shahridagi 12-sonli qattiq tartibli koloniya esa 1600 kishilik, bu erda hozircha 1070 mahkum bor. Hozirda bu erda 1146 nafar mahkum bor. Ularning 60 tasi radikal oqimlar faollari bo`lgan. Bloger Akmal Sharipov ham shu erda ekan. Oilasi bilan uzoq muddatli uchrashuvda ekani sababli u bilan uchrashishning imkoni bo`lmagan. U yaqin 2 oy ichida ozodlikka chiqarilishi mumkin ekan.

Mazkur shahardagi 4-sonli umumiy tartibli koloniyaga esa 1800 kishi sig`adi. Koloniyada bloger Otabek Sattoriy jazo muddatini o`tamoqda. U qurilish mollariga naqsh bosuvchi sexda operator. «Ezgulik» faoli bilan uchrashuvda o`zining nohaq qamalgani, sudlarning adolatsizligini ta`kidlagan bloger oilada yolg`iz boquvchi ekanini, ozodlikka chiqish uchun kurashayotgani va faqat prezident Mirziyoevga ishonishini ta`kidlagan.

Monitoring natijalariga ko`ra, qamoqxonalarning moddiy texnik bazasini mustahkamlash, ularning osh-ovqati sifatini yaxshilashga urinishmoqda. Shikoyatlarning asosiy qismi sud hukmlarining adolatsizligidan. Eng yomon ko`rsatkich — mahkumlarning katta qismini yoshlarning tashkil qilishidir.

Qiynoq va noinsoniy muomala turlari bo`yicha hozircha shikoyat yo`q. Ammo ayrim mahkumlar bunday holatlarni Buxorodagi koloniyalarda, Qarshidagi jazoni ijro etish muassasalarida eshitilayotgani haqida gapirishgan. «Ko`ramiz, u tomonlarga ham safar rejalashtirish niyatimiz bor» — deydi guruh a`zolari.

«Ezgulik» jazoni ijro etish muassasalariga safarni tashkil qilgan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari vakili idorasiga minnatdorchilik bildiradi», – deyiladi xabarda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1