Xalq e`tiboridagi shou-biznes vakillari hamisha yosh va chiroyli ko`rinishga harakat qiladi. Hatto ayrim ayol xonandalar chiroyini saqlab qolish uchun jarrohlik stoliga yotishga ham rozi bo`ladi. “Hordiq” gazetasi xonandalardan plastik jarrohlikka munosabati haqida so`radi.
Rayhon:
—Hech qachon plastik operasiya qildirmaganman. Rostini aytsam, bundan juda qo`rqaman. Lekin har uch oyda labimni ukol yordamida shishirib turaman. Mutaxasislarning fikricha, buning sog`liqqa hech qanday zarari yo`q. Faqat chivin chaqqandek og`riydi, xolos.
Manzura:
—Aldashni juda yomon ko`raman. Ikki marta plastik jarrohlarga murojaat qilganimni tan olaman. To`qqiz yil muqaddam yuzimda kichik jarrohlik operasiyasi o`tkazilgan. Ko`pchilik qovoqlarimning olingani menga juda yarashganini ta`kidlaydi. Uch yil oldin esa yana plastik jarrohlar bilan maslahatlashgan holda kichik operasiya o`tkazdik.
Hosila Rahimova:
—Ancha yillar avval Turkiyaga borib, qovog`imni oldirgan edim. Rosti, ancha vaqtgacha bunga ko`nikishim oson kechmadi. Xonandaning go`zal tashqi ko`rinishi sahna talablaridan biri sanaladi. Shuning uchun hamisha tashqi ko`rinishimga e`tibor beraman. Lekin endi plastik operasiya qildirish niyatim yo`q.
Munisa Rizaeva:
—Burnimning shakli o`zimga yoqmasdi. Shuning uchun ikki yil avval uni plastik operasiya qildirishga qaror qilganman. Avvaliga jarrohlikning natijasi sezilmadi. Shunda shifokor “Burun murakkab a`zo, avvaliga biroz kattalashadi, so`ng kichrayadi”, degan edi. Nazarimda, hozir ko`rinishim risoladagidek. San`at olamiga qadam qo`ymasimdan ancha oldin labimdagi kamchilikni to`g`irlatganman.