1

Osteoartroz kasalligi qanday alomatlar bilan namoyon bo`ladi?

Salomatlik 24.05.2022, 16:03
Osteoartroz kasalligi qanday alomatlar bilan namoyon bo`ladi?

Osteoartrozning ilk belgilari qaysilar? Kasallik rivojlanish bosqichida qanday alomatlar bilan namoyon bo`ladi? Bu paytda bemorlar nimalarga e`tibor qaratishlari kerak?

SSV Matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetovning ushbu savollarga javoblari bilan o`rtoqlashdi.  

— Osteoartroz odatda asta-sekin rivojlanadi va bir bo`g`imning shikastlanishi bilan boshlanadi, — deydi  M.Irismetov. — Ammo ma`lum vaqt o`tib, xasta bo`g`imlar soni ortadi.  

Osteoartrozning ilk alomatlaridan biri — og`riq. U yurganda, egilganda, o`tirganda va boshqa holatlarda yuzaga keladi.

Misol uchun, bemor uzoq vaqt davomida o`tirgach, o`rnidan qo`zg`alib yurmoqchi bo`lsa, tizza yoki tos-son, ya`ni yuklama tushadigan bo`g`imlarida og`riq sezadi. So`ng uch-to`rt qadam tashlagach, ahvoli engillashib, odatdagiday harakatlanishda davom etadi.  

Biroq kechki mahal yana shu bo`g`imlarida og`riq turadi. Ya`ni bemor kun davomida qancha ko`p yursa, harakatlansa, jismoniy mashg`ulot bilan shug`ullansa yoki tik oyoqda tursa, bezovtalik shuncha kuchayadi.  

O`tirib-turish yoki egilish paytida qarsillash eshitiladi. Bemor salga charchab qoladi, harakati cheklanadi, bo`g`imlar shakli o`zgaradi va ayrim holarda biroz shishishi kuzatiladi.

Mutaxassisning qayd etishicha, asta-sekin xastalik rivojlana boradi. Bunda har qanday harakat chidab bo`lmas darajada kuchli og`riqni keltirib chiqara boshlaydi. Shu tufayli yurish butunlay qiyinlashadi. Bemor bora-bora o`rnidan turib, qadam bosolmay qoladi.  

Kasallikning kokartroz turida tos-chanoq bo`g`imi shikastlanadi. Kasallik endi boshlanib kelayotganda kechqurunlari bemorning chov sohasida og`riq turadi.  

Bemor og`riqdan bezovtalanib, tuni bilan son-chanoq bo`g`imini bukib-yozadi, ayniqsa, kasallangan tomoni bilan yotolmay qiynaladi. Vaqt o`tgan sari son bo`g`imining bo`shlig`i toraya boradi, son suyagi boshchasida qo`shimcha suyaklar o`sadi, shu tufayli harakat cheklanadi.  

Bo`g`imlarda og`riq turishiga nafaqat suyaklarning ishqalanishi, balki qon aylanishi etishmovchiligi va kislorod tanqisligi natijasida gipoksiya yuzaga kelishi ham sabab bo`ladi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1