Avval xabar qilganimizdek, Toshkent shahrida aholiga xizmat ko`rsatuvchi avtobus (elektrobus)ga chiqishda uning old eshigidan, tushayotganda esa orqa eshiklardan foydalanish tartibi joriy etildi.
"Toshshahartransxizmat" AJ Axborot xizmati mazkur yangi tartibga tushuntirish berdi.
Ta`kidlanishicha, jamoat transporti (avtobuslar va elektrobuslar) da joriy etilayotgan yangi tartib qoidaga asosan, yo`lovchilar avtobus va elektrobuslarning saloniga faqat old eshikdan haydovchining yonida o`rnatilgan maxsus validator va qurilma orqali yo`l haqi uchun to`lovni amalga oshirgandan so`ng kirishlari hamda salondan tushayotganlarida o`rta va orqa eshiklardan foydalanishlari kerak. Ushbu tartib qoida xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda jamoat transportida yo`lovchilar harakatini tartibga solish, transport madaniyatini yana-da oshirish va yo`lovchilar tashishdan tushadigan daromadlar shaffofligini ta`minlash maqsadida joriy etilmoqda.
Shuningdek, poytaxt bo`ylab harakatlanuvchi avtobus yo`nalishlarida mazkur tartib qoida belgilangan reja asosida bosqichma-bosqich ya`ni, birinchilardan bo`lib belgilangan yo`nalish jadvallari soni to`liq bo`lgan, harakat davomida oraliq intervali qisqa bo`lgan avtobus yo`nalishlarida joriy etilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, Prezidentning 2022 yil 2 fevraldagi 111-son qaroriga asosan joriy yil yakuniga qadar 20 dona elektrobus, 190 dona katta sig`imli, 200 dona o`rta sig`imli avtobuslar xarid qilish orqali "Toshshahartransxizmat" AJ harakat tarkibini yangilash belgilangan bo`lib, hozirgi kunga qadar 20 dona elektrobus va 30 dona SAZ LE-60 rusumli o`rta sig`imli avtobuslar xarid qilindi va 51,81, 98, 17T, 32-sonli yo`nalishlarga tasarruf etildi.
"Yil yakuniga qadar yana 360 dona katta va o`rta sig`imli avtobuslar xarid qilinishi va poytaxt ko`chalarida harakatlanuvchi avtobus yo`nalishlarida tasarruf etilishini inobatga olib, oraliq intervali qisqa va belgilangan reja asosida jadvallar soni to`liq bo`lgan avtobus yo`nalishlarida mazkur tartib qoida joriy etib borilishini ma`lum qilamiz", - deyiladi rasmiy xabarda.