AsosiyJamiyat

Andijonda kaltaklangan suv ta`minoti xodimi janjalni o`zi boshlagani ma`lum bo`ldi

'Andijonda kaltaklangan suv ta`minoti xodimi janjalni o`zi boshlagani ma`lum bo`ldi'ning rasmi

Avvalroq Andijon viloyati Izboskan tumanida suv ta`minoti idorasi xodimi qarzdor iste`molchilar tomonidan kaltaklangani to`g`risida xabar berilgandi. Tuman IIB holatga munosabat bildirib, zo`ravon iste`molchi javobgarlikka tortilganini ma`lum qildi.

Ma`lum bo`lishicha, 12 aprel kuni jabrlanuvchi A.S. tumanning “Toshloq” MFY, Adolat-1 ko`chasida yashovchi qo`shnisi N.M.ni (1976 yilda tug`ilgan ayol kishi) haqorat qilgani holati yuzasidan murojaat kelib tushgan. Bu bo`yicha Izboskan tumani IIB HPB TP PI xodimi tomonidan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 41-moddasida (haqorat qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarlik yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirib, belgilangan muddatda sud muhokamasiga taqdim etilgan. Holat yuzasidan 17-may kuni jinoyat ishlari bo`yicha Andijon tumani sudi tomonidan A.S.ga nisbatan BHMning yarim barobari (135 ming so`m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Shundan so`ng A.S. 23 may kuni yana ushbu qo`shnisi N.M. xonadoniga soat 19:30 lar chamasida borgan (A.S. holat yuzasidan bergan ko`rsatmasida N.M.ning xonadoniga mast holatda borganini bayon etgan). Xodim iste`molchi tomonidan foydalangan toza ichimlik suvidan 625 ming so`mlik qarzdorligi bo`yicha talabnomani berib, uning ayollik shaxsiyatini kamsitib, janjallashgan. Bu vaqtda ularni ajratish uchun kelgan N.M.ning o`g`li M.M. onasiga nisbatan A.S.tomonidan qilinayotgan muomalaga chiday olmasdan uning yuz qismiga mushti bilan bir marotaba urib tan jarohati etkazgan. Holat ushbu kuni Izboskan tumani IIBning Shakl-1 kitobidan 1011-raqami bilan ro`yxatdan o`tkazilgan.

Holat yuzasidan to`plangan hujjatlar hamda sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga asosan hujjatlar rasmiylashtirilib, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 52-moddasi (engil tan jarohati etkazish) bilan sud muhokamasiga taqdim qilish chorasi ko`rilmoqda.

    Boshqa yangiliklar