Onalik maqomiga erishgan, kezi kelganda turmushning past-balandini ko`rgan ayrim nozik hilqat vakillari odam savdosi jinoyatini sodir qilayotgani achinarli hol. 30 yoshli ayol ham Yashnobod tumanida o`tkazilgan tezkor-tadbir davomida qo`lga olindi. Boisi u o`zini boshqa ism bilan tanishtirib, g`arazli va past niyatlarda bir ayoldan shahvoniy niyatlarda foydalanishni maqsad qilgan. Biroq...
Sudda sudlanuvchi tariqasida so`roq qilingan ayol e`lon qilingan aybga to`liq iqrorlik bildirdi. Gap shundaki, sudlanuvchi jabrlanuvchi ayolni xaridor tanishiga 1 000 000 so`m evaziga sotishga kelishadi. Sudlanuvchining so`zlariga ko`ra, xaridor ayolni 2021 yildan buyon tanir ekan.
– 2022 yil boshida Yashnobod tumanida joylashgan bozor ko`prigining ostida begona ayol turganini ko`rdim. Tashqi ko`rinishidan bir ahvolda edi. Oldiga borib, u bilan tanishdim. Viloyatda istiqomat qilishi, sharoiti og`ir ekani, ishlab pul topmoqchi ekanini bildim. So`ng uni uyimga olib ketdim. Undan nima ish bilan shug`ullanishini so`raganimda, fohishalik bilan shug`ullanishini aytdi. Darhol tanishimga qo`ng`iroq qilib, fohishalik bilan shug`ullanadigan ayol borligini ma`lum qildim. Tanishim uning qanday hujjati borligini so`radi. Shunda ayolning yonida FHDYo tomonidan berilgan ma`lumotnoma borligini bildik. Xaridor tanishim bu ayol uchun menga 1 000 000 so`m berishini aytdi. U bilan Yashnobod tumanida uchrashib olishga kelishdik. Bu orada shar`iy nikohdagi turmush o`rtog`imga qo`ng`iroq qilib, do`stining avtomashinasida tanishimning oldiga olib borishini so`radim. So`ng ayoldan tilxat yozib berishini so`rasam, “yaxshi yozolmayman”, dedi. Shu bois uning nomidan “o`z xohishim bilan ishlash uchun keldim”, degan mazmunda tilxat yozib berdim va u imzo qo`yib berdi. Tilxatni o`zimda olib qoldim. Biroz vaqt o`tib, tanishim bilan belgilangan manzilda uchrashdik. Tanishim menga aytilgan miqdordagi pulni berdi, - deydi sudlanuvchi.
Sudlanuvchi jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini tanishiga berib, kelishgan miqdordagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Sudlanuvchi fuqarolik kiyimidagi IIO xodimlariga “tanishimdan olgan pulim uning qarzi edi. Ancha vaqt oldin tanishim mendan 1 mln. so`m qarz olgandi. Biror bir ayolni sotish maqsadim bo`lmagan”, deya avvaliga yolg`on gapirgan. Aybiga iqror bo`lgach esa, qilgan ishidan pushaymonligi, jinoyat sodir etish yo`liga qaytib kirmasligini bildirgan.
Sudning hukmiga ko`ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga shu modda bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo`llagan holda 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Manfaatdor taraflarga etkazilgan boshqa moddiy va ma`naviy zararni undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo`yicha sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligi tushuntirildi.
Anvar IKROMOV,
jinoyat ishlari bo`yicha
Yashnobod tuman sudi sudyasi