Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning 14 iyul kuni O`zbekistonga davlat tashrifi davomida O`zbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati o`rtasida turizm sohasida hamkorlik to`g`risida bitim imzolandi.
Mazkur bitim kuchga kirgan kundan boshlab bundan avvalgilari, ya`ni 1996-yil 16 yanvardagi O`zbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati o`rtasida turizm sohasida hamkorlik to`g`risida bitim va 2009-yil 25 fevraldagi O`zbekiston Respublikasi «O`zbekturizm» milliy kompaniyasi va Turkmaniston turizm va sport bo`yicha davlat qo`mitasi o`rtasida turizm sohasida hamkorlik to`g`risidagi bitim o`z kuchini yo`qotadi.
Hujjatda tomonlar “Buyuk Ipak yo`li”, “Bir sayohat - butun mintaqa” va boshqa qo`shma turistik marshrutlar hamda brendlarni ilgari surishga qaratilgan xalqaro konferensiyalar, forumlar, seminarlar va ko`rgazmalar tashkil etish hamda ommaviy axborot vositalarida nashrlar chop etish belgilangan. Bitim ommaviy axborot vositalarida reklama kompaniyalarini o`tkazish, tanishtiruv sayohatlari va kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash hamda turizm sohasi vakillari uchun malaka oshirishlarni tashkil etish, ma`lumotlar almashinish, mavjud kombi (qo`shma) turistik yo`nalishlarni yanada rivojlantirish va yangilarini ishlab chiqish, shuningdek, transchegaraviy turistik almashinuvni rivojlantirish bo`yicha kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan.
Mazkur bitimning imzolanishi va amalga oshirilishi Turkmanistondan O`zbekistonga turistik oqimni yanada ko`paytirishga, O`zbekiston turistik brendining Turkmaniston bozorida tanilishiga va ikki mamlakat turizmi industriyasi subektlari o`rtasida aloqalarni faollashtirishga yordam beradi.






