AsosiyJamiyat

Prezident Imom Buxoriy qabrini ziyorat qildi. Qur`on tilovat qilinib, duo o`qildi

'Prezident Imom Buxoriy qabrini ziyorat qildi. Qur`on tilovat qilinib, duo o`qildi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 15 iyul kuni Imom Buxoriy qabrini ziyorat qildi. Qur`on tilovat qilinib, duo o`qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda. 

Ma`lumki, bu ulug` bobomiz maqbarasi islom olami uchun tabarruk ziyoratgohlardan biri. Bugungi kunda majmua shunga munosib qilib qayta qurilmoqda. Qariyb 10 ming namozxonga mo`ljallangan masjid, to`rtta minora, ayvonlar barpo etilmoqda. Majmua yonida mehmonxonalar, avtoturargoh, avtobekat, oshxonalar, savdo rastalari, tahoratxonalar quriladi.

Davlat rahbari shu boradagi ishlarni ko`zdan kechirdi, ziyoratchilarga barcha qulayliklarni yaratish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

– Inshoolloh, bu majmua ochilganidan keyin ziyoratchilar yanada ko`payadi. Ayniqsa, nuroniylar ko`p keladi. Ular uchun barcha qulayliklarni inobatga olish kerak. Bu joy nafaqat diniy va ma`rifiy, balki ulkan madaniy markaz ham bo`lishi zarur. Shu bois eng yaxshi gulchilarni olib kelib, majmuani qishin-yozin gulzor qilib qo`yish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Butkul yangicha qiyofa kasb etayotgan majmua ziyorat turizmining yirik markazlaridan biriga aylanishi uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi, ulardan samarali foydalanish zarurligi ta`kidlandi.

 Prezidentimiz Samarqand tumanida barpo etilayotgan Turizm markazini ham borib ko`rdi.

Bu erda 8 ta mehmonxona, kongress xoll, «Abadiy shahar» karvonsaroyi qurilmoqda. Eshkak eshish kanali tartibga keltirilib, atrofda bog` yaratilmoqda.

Umuman, ushbu majmua turizm sohasidagi barcha xalqaro standartlarga mosligi, eng zamonaviy xizmat ko`rsatish salohiyati bilan nafaqat Samarqand viloyati va mamlakatimiz, balki butun mintaqada turizm industriyasini yangi bosqichga ko`taradi.

 Davlatimiz rahbari bu erda yirik xalqaro anjumanlar o`tkazish uchun zamonaviy sharoitlar yaratish, xalqimizning madaniyati, ma`rifati, milliy taomlarini namoyon etish bo`yicha tavsiyalar berdi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoev Samarqandga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

    Boshqa yangiliklar