Konstitusiyaning eng asosiy yuridik xususiyatlaridan biri bu – uning oliy yuridik kuchga egaligidir. Konstitusiyada mazkur normaning mutahkamlanishi – barcha qonun hujjatlarining so`zsiz Konstitusiya normalariga mos kelishini anglatadi.
Xabaringiz bor, davlat rahbari 2022 yil 20 iyunda Konstitusiyaviy komissiya a`zolari bilan uchrashuvda Konstitusiyaning oliy yuridik kuchga egaligini mustahkamlash masalasiga alohida e`tibor qaratgan edi.
Keng jamoatchilik muhokamasiga qo`yilgan konstitusiyaviy qonun loyihasiga ko`ra, Asosiy qonunimizning 15-moddasida Konstitusiyaning oliy yuridik kuchga egaligi qoidasi belgilab qo`yilgan. Umuman olganda, oliy yuridik kuch ega deganda – normativ-huquqiy hujjatlarning ierarxiyasida eng yuqori o`rindaturishi hamda boshqa har qanday huquqiy hujjatlardan ustunligi tushuniladi.
Nazariy nuqtai nazardan Konstitusiyamizning oliy yuridik kuchga egaligini quyidagi mezonlar bilan izohlash mumkin:
birinchidan, Konstitusiya davlatning Asosiy qonunidir;
ikkinchidan, barcha qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, xoh u qonun bo`lsin, Prezident farmoni bo`lsin, yo bo`lmasa hukumat, vazirliklar, idoralar qarorlari bo`lsin barchasi Konstitusiya normalariga so`zsiz mos tarzda qabul qilinishi lozim;
uchinchidan, konstitusiyaviy normalar maxsus sud organi – Konstitusiyaviy sud tomonidan ham umumyurisdiksiyaviy sudlar tomonidan ham himoya qilinadi;
to`rtinchidan, Konstitusiyaga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish o`ziga xos murakkab mexanizm asosida amalga oshiriladi.
Xorijiy mamlakatlar tajribasiga e`tibor qaratsak,Konstitusiyaning oliy yuridik kuchga egaligi Braziliya, Rossiya, Ukraina, Moldova konstitusiyalarida ham qayd qilingan. Misol uchun, Moldova Konstitusiyasining 7-moddasida Moldova Konstitusiyasi oliy qonun hisoblanishi, hech bir qonun yoxud huquqiy akt Konstitusiya qoidalariga zid bo`lsa, yuridik kuchga ega emas, deb belgilangan.
“Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida”gi qonunning 8-moddasiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi oliy yuridik kuchga ega va O`zbekiston Respublikasining butun hududida qo`llaniladi, deb belgilab qo`yilgan.
Konstitusiyaga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish qay tarzda amalga oshiriladi?
Konstitusiyaning oliy yuridik kuchga egaligini ko`rsatuvchi muhim mezonlardan biri ham, bevosita unga o`zgartish va qo`shimchalar kiritishning o`ziga xosligi, murakkabligi bilan tavsiflanadi.
Xususan, mamlakatimiz Konstitusiyasiga o`zgartish va qo`shimchlar kiritish, Asosiy qonunimizning 127-moddasiga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a`zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovozi yoki referendum yo`li bilan qabul qilinishi belgilab qo`yilgan.
Har doim ham Konstitusiyaga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilavermaydi. Negaki, inson – jamiyat – davlat tizimi munosabatlari uchun eng kerakli bo`lgan qoidalar, zaruriy ehtiyojlar mavjud bo`lgandagina, o`zgartish qilinishi mumkin. Hozirgi kunga qadar Konstitusiyaga 16 marta o`zgartish va qo`shimchalar kiritilgan bo`lsa, bularning asosiy qismi – Prezident, davlat organlari, saylov, sud, mahalliy ijro etuvchi hokimiyati vakolatlarini muvofiqlashtirish, kengaytirish, o`zaro tiyib turish masalalari bilan bog`liq.
Hozirgi davr zaruratidan kelib chiqib, endilikdagi vazifa inson va fuqaro huquqlariga tegishli bo`lgan eng asosiy va kerakli qoidalarni kiritishdir.
Bu borada xorijiy mamlakatlar tajribasi qanday?
Xorijiy mamlakatlar tajribasiga e`tibor qaratsak, Rossiya, AQSh, Bolgariya kabi davlatlarda parlament a`zolarining kamida uchdan ikki qismi ovozi, AQShda federasiya sub`ektlarining uchdan to`rt qismi roziligi bilan Konstitusiyaga o`zgartish va qo`shimchalar kiritiladi.
Yana bir qiziq jihat – Rossiya konstitusiyasining 1-, 2-, 9-boblariga, ya`ni davlatning konstitusiyaviy tuzumiga, inson va fuqaro huquqlari qismiga; Fransiyaning respublika boshqaruv shakli, Germaniyaning federativ hududiy shakli, Braziliyaning hokimiyat bo`linishi tamoyili qismiga o`zgartish kiritish mumkin emas, deb belgilab qo`yilgan.
Umuman olganda, Konstitusiya doimiy takomillashuvda, u o`zgarmas, qotib qolgan hujjat emas, Konstitusiya jamiyat bilan doimiy hamnafas bo`lib, inson va davlat o`rtasidagi eng muhim masalalarni tartibga soladi va rivojlantiradi. Yakunda konstitusiyaviy islohotlar xalqning Konstitusiyaga bo`lgan ishonchini oshiradi.
Sherzod ZULFIQOROV,
O`zbekiston Respublikasi
Jamoat xavfsizligi universiteti professori,
yuridik fanlar doktor






