Termiz shahridagi Majnuntol mahallasiga 5 iyul kuni Afg`oniston tomondan snaryadlar kelib tushgandi. Afg`oniston muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid bu hujumni uyushtirgan guruh qo`lga olinganini xabar qildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy kanalida xabar qilindi.
Ma`lum bo`lishicha, mamlakat maxsus kuch tuzilmalari Qunduz viloyatidagi operasiya davomida «Xavorijlar» markazini topib, yo`q qilgan.
«Kecha tunda Qunduzning Imom Sohib tumanidagi Qanjag`e hududida Islom Amirligi (Afg`oniston)ning maxsus bo`linmalari ‘Xavorijlar’ markazini topib, yo`q qildi.
Ushbu operasiyada 3 nafar xavorij o`ldirildi, besh nafari tiriklayin qo`lga olindi. Ularning avtomashinalari va qurollari musodara qilindi. Yaqinda ular O`zbekiston va Tojikistonni raketa hujumlari bilan nishonga olgandi», — deb yozadi Mujohid.
Eslatib o`tamiz, 5 iyul kungi snaryadlar hujumi paytida portlashlar sodir bo`lmagani va oqibatda hech kim halok bo`lmagani ma`lum qilingandi.






