Bugun AOKAda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov ishtirokida o`tkazilgan brifingda Qoraqalpog`iston Respublikasi hududida joriy etilgan favqulodda holat davrida qonuniylikni ta`minlash bo`yicha ko`rilgan chora-tadbirlar yuzasidan ma`lumot berildi:
Joriy yil 16 iyul holatiga ko`ra, tergov-tezkor guruhi tomonidan o`tkazilgan tergov harakatlari doirasida:
- hodisa yuz bergan hududlar va joylar ekspert va mutaxassislar ishtirokida to`liq ko`zdan kechirilib, ishga aloqador bo`lishi mumkin bo`lgan 550 dan ortiq ashyo va narsalar rasmiylashtirib olindi;
- avval xabar berganimizdek, tibbiy yordam so`rab murojaat qilgan 274 nafar fuqarolarga tegishli tibbiy yordam ko`rsatildi, shundan 16 nafar fuqaro tibbiy muassasalarda qolmoqda, afsuski, yana 3 nafar fuqaro ahvoli o`ta og`ir bo`lgani bois, shifokorlarning sa`y-harakatlariga qaramasdan, vafot etdi;
- ommaviy tartibsizliklar oqibatida jabrlangan shaxslarni aniqlash choralari ko`rilmoqda. Jumladan, o`z xizmat burchini bajarayotgan vaqtida tan jarohati olgan 141 nafar huquq-tartibot idoralari xodimlari hamda sog`lig`i va mulkiga zarar etkazilgan 16 nafar fuqaro jabrlanuvchi deb e`tirof etildi.
Jinoyat sodir etgan shaxslarni fosh etishga qaratilgan tadbirlar doirasida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, belgilangan tartibda ushlangan fuqarolarning himoya huquqi advokat orqali amalga oshirishi to`liq ta`minlangan. Ularning ushlanganligi va qamoqqa olinganligi hamda saqlanayotgan joyi haqida yaqin qarindoshlariga belgilangan tartibda xabar berilgan.






