Avval xabar berilganidek, ayni paytda Prezident raisligidagi yig`ilish davom etmoqda. Prezident matbuot kotibining xabar berishicha, davlat rahbari dehqonchilik qilayotgan aholi takliflari asosida ular ko`targan muammolar echimlarini aytib o`tgan.
Jumladan:
- yil yakunigacha yana qo`shimcha 20 ming gektar ekin maydoni aholiga bo`lib beriladi (jami 100 ming gektar bo`ladi);
- kelgusi yilda yana qo`shimcha 100 ming gektar ekin maydoni ham aholiga tarqatiladi (jami 200 ming gektar bo`ladi).
“Bu – juda katta islohot. Buning hisobiga qo`shimcha 1 million 200 ming nafar aholini band qilish uchun sharoit yaratilmoqda.
Eng asosiysi – agar tuman hokimi, hokim yordamchisi bu masalaga hisob-kitob bilan yondashsa, oziq-ovqat, ishsizlar masalasini bemalol hal qila oladi”, dedi davlatimiz rahbari.
Mutasaddilar, viloyat va tuman hokimlariga bir oy muddatda:
- kamida 1 mingta mahallada kichik hajmli muzlatkichlar o`rnatish;
- 3 ming gektarda parnik usulida ertaki mahsulotlar etishtirish dasturini boshlash topshirildi.
Bunga joriy yilda 50 million dollar, kelgusi yilda yana 100 million dollar yo`naltiriladi.
Shuningdek, “daftarlar”dagi aholiga er berilganda, barcha imtiyoz va to`lovlar 1 yilgacha saqlanib qoladi.
Shuningdek, tanlovda 1 nafar talabgor ishtirok etganda ham tanlov o`tkazilgan hisoblanadi.
Mahallalarga hosildor urug`, ko`chat etkazish va mahsulotini sotib olish uchun 150 milliard so`m yo`naltiriladi.






