AsosiyJamiyat

785 nafar bojxona xodimining unvonlari ko`tarildi

'785 nafar bojxona xodimining unvonlari ko`tarildi'ning rasmi

Davlat bojxona qo`mitasi Raisi Akmalxo`ja Mavlonov 785 nafar bojxona xodimlarining maxsus unvonlarini bir pog`ona ko`tardi.

Ushbu o`zgarishlar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27 apreldagi “Bojxona ma`muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PF-122-son Farmoni ijrosidan kelib chiqib, amalga oshirildi.

Ta`kidlash joizki, Farmon davlat bojxona organlarida xizmat qilayotgan xodimlarda kasbiga nisbatan sadoqat va halollik tuyg`ularini mustahkamlashga qaratilgan muhim chora-tadbirlarni o`zida qamrab olgan.

Jumladan, ushbu hujjat bilan tasdiqlangan “Bojxona organlarini korrupsiyadan holi tizimga aylantirish Dasturi”da kadrlar bilan ishlash va ularni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan muhim tadbirlar qatorida hududiy bojxona boshqarmalari apparati, Bojxona instituti, Milliy kinologiya markazi va bojxona postlaridagi ayrim lavozimlar uchun belgilangan maxsus unvonlarni bir pog`ona ko`tarish nazarda tutilgan.

Shu munosabat bilan joriy yil 18 iyul kuni Davlat bojxona qo`mitasida barcha hududiy bojxona boshqarmalari va bojxona postlari xodimlari ishtirokida videokonferensiya tarzida o`tkazilgan xizmat yig`ilishi davomida qo`mita raisi 785 nafar bojxona xodimlarining maxsus unvonlarini bir pog`ona ko`tarishga qaratilgan buyruqqa imzo chekdi.

Jumladan, 305 nafar xodimlar “bojxona xizmati kapitani”, 319 nafar xodimlar “bojxona xizmati mayori” va 82 nafar xodimlar “bojxona xizmati podpolkovnigi” maxsus unvoniga sazovor bo`lishdi. Ularning aksariyati bu unvonni ko`p yillardan beri kutishgan.

- Bularning barchasi uchun avvalo Muhtaram Prezidentimizga minnatdorchilik bildiramiz. Ular tomonidan sohaga ko`rsatilayotgan yuksak e`tibor va ishonchni oqlash uchun endilikda yanada fidoyilik va shijoat namunasini ko`rsatishimiz kerak. O`z kasbiga, qasamyodiga sodiq qolgan, elu yurt manfaati uchun og`ishmay xizmat qilayotgan bojxona xodimlarini qo`llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi tadbirlar muntazam davom etadi – dedi Akmalxo`ja Mavlonov.

    Boshqa yangiliklar