AsosiyJamiyat

Farg`ona davlat universiteti dekani va Rishton tuman XTB xodimi qo`lga olindi

'Farg`ona davlat universiteti dekani va Rishton tuman XTB xodimi qo`lga olindi'ning rasmi

Farg`ona davlat universitetiga o`qishga kiritib qo`ymoqchi bo`lgan “uddaburonlar” ushlandi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ma`lum qilinishicha, ayni oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kirish uchun qabul jarayonlari davom etayotgan bir paytda, qo`shtirnoq ichidagi hojatbarorlar ishonuvchan fuqarolarni o`qishga kiritib qo`yish bilan aldab, ularning pullarini o`zlashtirishga harakat qilishmoqda.

Bunday noqonuniy holatlarga chek qo`yish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmatining Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar o`tkazildi. 

Jumladan, Rishton tumani xalq ta`limi bo`limi xodimi o`zining tanishi bo`lgan ayol bilan til biriktirib, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 2 nafar fuqaroni Farg`ona davlat universitetining maktabgacha va boshlang`ich ta`lim hamda huquqshunoslik fakultetlariga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 18 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Boshqa bir holatda esa Farg`ona davlat universitetining harbiy ta`lim fakulteti dekani o`rinbosari 4 nafar abiturientni ushbu fakultetga o`qishga kirishlarida amaliy imtihonlardan o`tkazib berish evaziga har bir uchun 5,1 million so`mdan talab qilib, jami 20,4 million so`m olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar