Shu kunlarda yurtimizda anomal issiq harorat hukm surmoqda. Buning ustiga, quyoshda kuchli chaqnash yuz berib, magnit bo`ronlari kuzatilishi kutilyapti.
Xususan, AQShning Milliy Aeronavtika va Fazo ma`muriyati (NASA) bergan ma`lumotlarga ko`ra, chaqnash natijasida Er sayyorasiga juda ko`p miqdordagi quyosh zarralari tushib, ular magnitosfera bilan to`qnashgach, G2 yoki G3 sinfidagi geomagnit bo`ronini keltirib chiqaradi.
Quyosh zarralari sayyoramizga bugun — 19 iyul kuni etib kelishi va geomagnit hodisasi 20 va 21 iyulda ham davom etishi prognoz qilingan.
Xo`sh, ana shunday vaziyatda shifokorlar qanday yo`l tutishni tavsiya etadi?
SSV Matbuot xizmati shu savol bilan vazirlik bosh nevrologi, tibbiyot fanlari doktori, professor Yoqutxon Majidovaga murojaat qildi.
— Magnit bo`ronidan ayniqsa, arterial gipertoniya xastaligiga chalingan bemorlar ko`proq aziyat chekadi, — deydi mutaxassis. — Ya`ni qon bosimining oshib yoki pasayib ketishi ular salomatligiga jiddiy xavf tug`dirishi mumkin.
Bu holat organizmda tashqi stresslarga chidamlilikni ta`minlaydigan melatonin moddasi ishlab chiqarilishining kamayishi bilan izohlanadi.
Qolaversa, magnit bo`roni bronxial astma bilan og`rigan odamlar salomatligida ham muammolarni keltirib chiqarishi kuzatilgan.
Shunday ekan, bunday vaziyatda, avvalo, ovqatlanish rasioniga alohida e`tibor qaratish va ko`proq suyuqlik ichish lozim.
Ho`l mevalar, qolaversa, mayiz va turshak kabi kaliyga boy mahsulotlar, tarkibida C vitamini ko`p bo`lgan ne`matlardan iste`mol qilish zarur. Bu anomal issiq harorat uchun ham mos tavsiyadir.
Magnit bo`roni kuzatiladigan kunlarda spirtli ichimliklardan butunlay voz kechish hamda yog`li, achchiq, sho`r taomlar iste`mol qilmaslik tavsiya etiladi. Chunki tuz qon bosimi oshishiga sabab bo`ladi.
Tinchlantiruvchi xususiyatga ega choylardan ichish ham maqsadga muvofiq. O`z navbatida, mutaxassislar ortiqcha zo`riqtiruvchi ishlar va mashg`ulotlar bilan vaqtincha shug`ullanmaslikni maslahat berishadi.
Surunkali kasalliklarga chalinganlar esa o`zlari bilan shifokorlar tomonidan buyurilgan dori-darmonlarni olib yurishlari hamda qon bosimini tez-tez nazorat qilib turishlari lozim.
Kun davomida bir necha marta dush qabul qilish ham katta foyda beradi.






