2022 yil 18 iyul kuni bo`lib o`tgan Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi majlisida “O`zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi hamda “O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 2061-moddasiga o`zgartish kiritish haqida”gi qonunlar dastlabki tarzda ko`rib chiqildi.

Shuningdek, majlisda engil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so`rovi natijalari muhokama etildi.

Muhokama jarayonida senatorlar, qo`mita ekspertlari, mahalliy Kengashlarning Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo`yicha doimiy komissiyalari raislari, vazirlik va idoralar mas`ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta`kidlanganidek, “O`zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonunga ko`ra, nikohni qayd etishning bir oylik muddati va uni qisqartirish uchun asos bo`ladigan holatlar bekor qilinmoqda.






