AsosiyJamiyat

Vladimir Norov EXHT byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi rahbarini qabul qildi

'Vladimir Norov EXHT byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi rahbarini qabul qildi'ning rasmi

2022 yil 19 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Evropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosining (YXHT DIIHB) Ehtiyojlarni baholash missiyasi rahbari Vladimir Misevni qabul qildi.

«O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy qonuni loyihasi bo`yicha referendumga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish doirasida YXHT DIIHB bilan hamkorlikning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.

Tomonlar so`nggi yillarda O`zbekistonning DIIHB bilan konstruktiv hamkorligi sezilarli darajada faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Saylovlarni kuzatish byurosining to`liq miqyosdagi missiyalari parlament (2019 yil) va Prezident saylovlarida (2016 va 2021 yillar) ishtirok etdi.

Ehtiyojlarni baholash missiyasi delegasiyasiga rejalashtirilgan konstitusiyaviy islohotning asosiy jihatlari haqida batafsil ma`lumot berildi. Asosiy qonunga kiritilgan o`zgartishlar «Inson qadri uchun» degan bosh tamoyilni hayotga tatbiq etishga qaratilgani alohida ta`kidlandi. Yangilangan Konstitusiya O`zbekistonni uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasining mustahkam huquqiy asosi, kafolatini yaratishi zarurligi ta`kidlandi.

Bo`lajak referendumda Tashqi ishlar vazirligi, O`zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari uchun Markaziy saylov komissiyasiga har tomonlama ko`maklashish, xorijdagi vatandoshlarimizning ovoz berish jarayonida faol ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoit yaratish ustuvor yo`nalishlar ekanligi qayd etildi.

DIIHB vakillari rejalashtirilgan respublika referendumini milliy qonunchilik va umume`tirof etilgan xalqaro me`yorlarga muvofiq tayyorlash va o`tkazishda O`zbekiston tomoni bilan faol hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Boshqa yangiliklar