Gana kuchli gemorragik isitmani keltirib chiqaruvchi xavfli Marburg virusi bilan bog`liq ikkita holat haqida xabar berdi. Ushbu infeksiya Ebola virusi bilan bir oilaga tegishli.
Tashxis tasdiqlangan ikkala bemor ham shifoxonada vafot etgan. Infeksiya mamlakatning janubiy Ashanti mintaqasida aniqlangan. Hukumati vaziyatni jiddiy nazoratda ekanini, ayni paytda 98 kishi qattiq karantinga olinganini ma`lum qildi.
Ushbu virusdan o`lim darajasi 50 foizni tashkil qiladi. Ammo Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti simptomlarni davolash imkoniyatlari cheklangan mamlakatlarda bu ko`rsatkich yuqoriroq ekanligi haqida ogohlantirgan. Marburg virusi tana suyuqliklari — qon, ter va tupurik orqali yuqadi. Dastlabki bosqichlarda bemorda bosh va mushaklarning og`rig`i, titroq va charchoq kuzatiladi.
Ammo vaqt o`tishi bilan simptomlar kuchayadi. Jigar bilan bog`liq muammolar kuzatilib, vazn yo`qotish, og`iz va burundan qon ketishi mumkin. Kasallik odatda uch hafta davom etadi. Bemorning hayotini saqlab qolish uchun jigar faoliyatini qo`llab turish va tana haroratiga e`tibor qaratish lozim.
Kerakli dori-darmonlar tanqis bo`lgan mamlakatlarda virus bemorlarning o`limiga olib keladi.