Har qanday huquqiy demokratik davlatda inson huquqlari va erkinliklari oliy qadriyat deb tan olinar ekan, konstitusiyalarida eng muhim qoidalar sifatida belgilanadi. Bu sohada xalqaro hujjatlarda umume`tirof etilgan tamoyil va standartlar mavjud. Xususan, 1948 yili qabul qilingan Inson huquqlari bo`yicha umumjahon deklarasiyasi, 1966 yili qabul qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to`g`risidagi, Iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquqlar to`g`risidagi xalqaro paktlarda inson huquqlari va erkinliklari va ularni muayyan holatlarda cheklash bo`yicha ham qoidalar aks ettirilgan.
Ushbu qoidalar qonuniylik, maqsadga muvofiqlik va zaruriyat tamoyillaridan kelib chiqib qo`llanadi. Xususan, qonuniylik tamoyili insonning huquqlari va erkinliklarini faqat qonuniy asosda cheklash mumkinligini bildirsa, maqsadga muvofiqlik tamoyili bo`yicha cheklashda xalqning roziligini ifodalaydi. Davlatning shaxsning huquqlari, erkinliklari va manfaatlariga aralashuvi zaruriyat tamoyili asosida amalga oshiriladi. Bunda shaxsga etkaziladigan zarar o`rnini qoplash masalasi diqqat-markazida bo`ladi.
O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida shaxsning huquq va erkinliklari davlat tomonidan kafolatlanishi va himoya qilinishi belgilangan bo`lsa ham, Asosiy qonunning o`zi hamda qonunchilik hujjatlarida inson huquq va erkinliklarini cheklashga oid qoidalar mavjud.
Bu nima uchun kerak va qanday tarzda amalga oshiriladi?
Birinchidan, boshqa shaxslarning huquqlariga zarar etkazmaslik uchun cheklovlar o`rnatish. Masalan, qarzdorga nisbatan sud va boshqa organlarning hujjatlariga asosan ijro ishi yuritish jarayonida ushbu organlar tomonidan belgilangan cheklovlar. Xususan, O`zbekiston Respublikasidan chiqishiga vaqtincha cheklov joriy qilinishi yoki davlat ijrochi tomonidan qarzdorning hisob-varag`ida saqlanayotgan pul mablag`larini xatlanishi uning o`z hisob-varag`idan foydalana olmasligi shular jumlasidandir.
Ikkinchidan, shaxs tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik yoki jinoyi qilmishi uchun jazo sifatida belgilash. Bu cheklashlar sud qarori yohud hukmi asosida amalga oshiriladi. Xususan, shaxsni ma`muriy qamoqqa olish, O`zbekiston Respublikasi hududidan ma`muriy tarzda chiqarib yuborish (chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga nisbatan qo`llaniladi), muayyan huquqdan mahrum qilish (masalan, avtotransport vositasini haydash huquqidan yoki ma`lum sohada (lavozimda) ishlashdan vaqtincha mahrum qilish cheklash), ozodlikdan cheklash yoki mahrum qilish bilan bog`liq jazolar shular jumlasidandir.
Uchinchidan, davlat xavfsizligi va jamoat tartibotini saqlash maqsadida qo`llaniladigan cheklovlar. Xususan, pandemiya e`lon qilingan davrda karantin joriy etilishi munosabati bilan shaxslarning erkin harakatlanishining cheklanishi yoki favqulodda vaziyat joriy qilingan hududlarda ma`lum vaqt doirasida ayrim harakatlarning cheklanishi shular jumlasidandir.
Muhokama jarayonida bo`lgan “O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi konstitusiyaviy qonun loyihasida inson huquqlari va erkinliklari oliy qadriyat sifatida tan olinishi, doirasining keng qilib belgilanishi konstitusiyaviy qoidalarning to`g`ridan-to`g`ri ishlashi, O`zbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini to`liq bajarilishiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, insonlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari davlat va jamiyat hamda boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zid bo`lmasligini ta`minlash uchun Asosiy qonunimizda insonning huquq va erkinligi faqat qonun bilan cheklanishini belgilash maqsadga muvofiq.
Saxipjamal DJOLDASOVA,
yuridik fanlar doktori






