O`zbekistonda notariuslarga nikohni ro`yxatdan o`tkazish huquqi berilishi mumkin. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 20 iyuldagi yalpi majlisida adliya vaziri Ruslan Davletov ma`lum qildi.
"Kerak bo`lsa, shuni taklif qilmoqchimizki, nikoh tuzish huquqini notariuslarga ham berish. Chunki notariuslarda ham juda kuchli yuristlar, qiyin ishdan o`tgan, hammasini tushunadi. Ular ikki tomonning xohish-irodasini tasdiqlab, shahodatlay oladi. Hech qanaqa muammo yo`q", — deydi vazir.
Uning so`zlariga ko`ra, O`zbekistonda bugungi kunda faoliyat yuritayotgan 200 ta FHDYo o`rniga 1000 ta notariusga murojaat qilish imkoniyati yaratilishi mumkin. Bu hozir ko`rib chiqilmoqda va tegishli hujjatlar alohida taqdim etiladi.
Adliya vazirligi rahbari, shuningdek, FHDYo organlarida tug`ilish, nikoh, o`lim, familiya o`zgartirishni yagona dalolatnoma asosida shakllantirishni yo`lga qo`yish ham rejalashtiriliyotganini ta`kidlagan.
Ruslan Davletov ko`rsatilayotgan davlat xizmatlari to`g`risida ham ma`lumot berib o`tgan. Uning qayd etishicha, davlat xizmatlari soni 4 yil davomida 4,5 baravarga ko`paygan. Xususan, 2017 yilda ularning soni 37 tani tashkil etgan bo`lsa, 2022 yilda 175 ta davlat xizmatlari ko`rsatilmoqda. O`tgan davr mobaynida 40 milliondan ortiq davlat xizmatlari ko`rsatilgan.






