«Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartishlar kiritish haqida O`zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-son «2022-2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to`g`risida»gi Farmoni 2-bandiga muvofiq, 2023 yilning 1 yanvaridan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdorini pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o`n barobaridan o`n ikki barobarigacha oshirilishini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.
Ushbu Qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutilgan:
2023 yildan boshlab fuqarolarga pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olinadigan o`rtacha oylik ish haqini pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 12 baravaridan ortiq bo`lmagan (3 888 000 so`m) miqdordagi o`rtacha oylik ish haqidan hisobga olish.
Ma`lumot uchun: Amaldagi qonunchilikka muvofiq pensiyani hisob-kitob qilish uchun pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o`n baravaridan ortiq bo`lmagan (3 240 000 so`m) miqdordagi o`rtacha oylik ish haqi olinadi.
Natijada 352 ming nafar fuqaroning pensiya miqdori qayta hisob-kitob qilinib, o`rtacha oylik pensiya miqdori 400 ming so`mgacha oshadi. Xususan,
304 ming nafar yoshga doir pensiyalar;
25,2 ming nafar nogironligi bo`lgan shaxslar;
23 ming nafar boquvchisini yo`qotganlar.
Shuni ta`kidlash lozimki, pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqi chegarasi 3-marotaba oshirilmoqda. Ya`ni, 1994 yil 1 iyundan kuchga kirgan «Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunida pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olinadigan o`rtacha oylik ish haqining yuqori chegarasi pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 7 baravari miqdorida belgilangan, keyinchalik ushbu miqdor 2007 yil 1 oktyabrdan 8 baravarga, 2019 yil 1 yanvardan 10 baravarga ko`tarilgan.
Qonun loyihasiga muvofiq ko`zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishda Pensiya jamg`armasidan yiliga qo`shimcha ravishda 1,5 trln. so`mdan ortiq mablag` ajratiladi.






