AsosiyJamiyat

O`zbekiston Ispaniyadan yana 4 ta tezyurar elektropoezd sotib oladi

'O`zbekiston Ispaniyadan yana 4 ta tezyurar elektropoezd sotib oladi'ning rasmi

O`zbekiston elchixonasi ko`magida "O`zbekiston temir yo`llari»" AJ delegasiyasining Ispaniya Sanoat, savdo va turizm vazirligida uchrashuvi tashkil etildi, deb xabar beradi "Dunyo" agentligi.

Ma`lum qilinishicha, uchrashuvdan maqsad "FIEM" Korxonalarni internasionalizasiya qilish jamg`armasidan 4 ta "Talgo-250" tezyurar elektropoezdini xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar ajratish masalasini muhokama qilishdan iborat bo`lgan.

Uchrashuvda Ispaniya vakillariga «O`zbekiston temir yo`llari» AJ faoliyati va O`zbekistonda temir yo`l qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar taqdim etilgan. Xususan, shu kungacha Ispaniyaning «Patentes Talgo SLU» kompaniyasida ishlab chiqarilgan 6 ta tezyurar elektropoezd «O`zbekiston temir yo`llari» tomonidan xarid qilingani ta`kidlangan. Oxirgi partiya 2021 yilda olib kelingandi. Loyihalarni moliyalashtirish uchun Korxonalarni internasionalizasiya qilish jamg`armasidan 30 yil muddatga 10 yillik imtiyozli davr bilan kredit jalb etilgan.

Shuningdek, Ispaniya tomoniga Buxoro—Urganch—Xiva temir yo`l liniyasini elektrlashtirish loyihasining amalga oshirilishi haqida batafsil ma`lumot berilgan. Mazkur tezyurar liniya foydalanishga topshirilgandan so`ng qo`shimcha 4 ta elektropoezd sotib olish nazarda tutilmoqda.

Tomonlar loyihani moliyalashtirish uchun «FIEM» jamg`armasining imtiyozli krediti hisobidan «Talgo-250» poezdlarini xarid qilishni tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qilgan.

Ispaniya hukumatining tegishli vazirliklari rahbariyati tomonidan «FIEM» jamg`armasidan imtiyozli shartlarda kredit ajratish imkoniyati masalasini ijobiy hal etish uchun barcha sa`y-harakatlar amalga oshirishi ma`lum qilingan.

«Muzokara yakunlari bo`yicha tomonlar ushbu masala bo`yicha ekspertlar darajasida ishlashni davom ettirishga kelishib oldi», — deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar