O`zbekistonda eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirishni to`la raqamlashtirish va yangi guvohnomalarni pochta orqali etkazib berishni yo`lga qo`yish masalasi ko`rib chiqilmoqda. Bu haqda adliya vaziri Ruslan Davletov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig`ilishidagi hisobotida ma`lum qildi.
Davletovning so`zlariga ko`ra, eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirishga kelgan fuqarolar uzun navbatlar hosil qilmasligi uchun «prava» olish elektron shaklga o`tkaziladi.
«Bitta kamchiligimiz — guvohnoma olayotganda imzo chekishi kerak, buning uchun, albatta, o`zi kelishiga to`g`ri kelyapti. Hozir shuni olib tashlashning harakatini qilyapmiz, olib tashlasak, umuman markazga kelish shartmas bo`ladi. ‘Kelmanglar deymizʼ, qabul ham qilmaymiz. Faqat elektron ravishda qabul qilamiz. Tayyorlab, hammanikini pochta orqali yuboramiz», — deydi adliya vaziri.
Uning ta`kidlashicha, shu kabi yo`l tutilmasa muammolar yana takrorlanaveradi, takrorlanaveradi. «Besh yildan keyinam xuddi shunaqa bo`ladi. Albatta, 100 mingta, 200 mingta odam almashtirmay qolib ketadi va oxirgi kunlarda kelib, hammasi navbatga turib oladi», — deydi Davletov.
Eslatib o`tamiz, shu yilning aprel oyida eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari va avtomototransportni ro`yxatdan o`tkazilgani to`g`risidagi guvohnomalarni majburiy almashtirish muddati quyidagicha uzaytirilgandi:
- 2010 yilgacha bo`lgan davrda berilganlari — 2023 yil 31 martgacha;
- 2010–2012 yillarda berilganlari — 2023 yil 30 iyungacha;
- 2013–2015 yillarda berilganlari — 2023 yil 30 sentyabrgacha;
- 2015 yildan keyin berilganlari — 2023 yil 31 dekabrgacha.
Yuqoridagi muddatlargacha almashtirilmagan guvohnomalar haqiqiy emas deb hisoblanadi.






