Umumta`lim muassasalarida bitta sinfdagi o`quvchilar sonining 36 nafardan 40 nafargachani tashkil etishi va ushbu holat ta`lim sifatiga salbiy ta`sir ko`rsatishi yuzasidan e`tirozlar bildirilmoqda.
Holat yuzasidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, bugungi kunda respublika bo`yicha umumta`lim maktablarida sinflardagi o`quvchilar soni to`liqliligi o`rtacha 25 nafarni tashkil etadi. Biroq, ayrim maktablarda ushbu ko`rsatkich 40 nafar bo`lsa, ayrimlarida 20 nafarni tashkil etadi.
Ushbu ko`rsatkich bo`yicha Toshkent shahrini tahlil qiladigan bo`lsak, sinflardagi o`quvchilar soni to`liqliligi o`rtacha 31 nafarni tashkil etadi. Biroq, alohida ta`lim muassasalari kesimida olib qaralganda 78 ta maktabda sinf to`liqligi 30 nafardan kam bo`lsa, 23 ta maktabda sinflardagi o`quvchilarning o`rtacha soni 35 nafardan 40 nafargachani tashkil etmoqda.
Shu bilan birga, xozirgi vaqtda umumta`lim maktablarida ayrim fanlardan o`qituvchilarning etishmovchiligi yuzaga kelmoqda.
Ma`lumot uchun: umumta`lim maktablarida jami 500 mingda ortiq o`qituvchi faoliyat yuritsa, shundan bugungi kunda 20 foizi 1,0 dan ortiq pedagogik stavkada ishlaydi.
Shuningdek, halqaro tajribaning taxlili shuni ko`rsatayapdi-ki, O`zbekistonda o`quvchilarning o`quv yuklamasi ta`lim sifati yuqori bo`lgan boshqa davlatlarga nisbatan ko`proq.
Aholi sonining o`sish ko`rsatkichlarini inobatga oladigan bo`lsak keyingi 5 yilda maktab o`quvchilarning soni 7,7 million nafarni tashkil etishi yoki bugungi kundagi ko`rsatkichga nisbatan 1,5 million nafarga ortishi kutilmoqda.
Keyingi 5 yilda maktab o`quvchilari sonining ushbu tarzda o`sishi fonida pedagogik stavkalar soni ham shunga mutanosib ravishda ko`payadi.
O`quv dasturini takomillashtirish bir kunlik masala emas. Bu masala ta`lim sohasidagi isloxotlar doirasida o`qituvchilar, mutaxassislar hamda halqaro ekspertlar ishtirokida keng muhokamadan o`tishi zarur.
Agar ushbu muhokamalar doirasida umumta`lim maktablarida o`quv dasturini maqbullashtirish xulosasiga kelinsa, shunga tegishli ravishda o`qituvchilarning pedagogik yuklamasi miqdori ham halqaro tajribadan kelib chiqib, qayta ko`rib chiqilishi zarur.
“O`z navbatida, bugungi kunda umumta`lim maktablarida pedagogik stavkalarni qisqartirish yuzasidan hech qanday ishlar olib borilmayotganligini ma`lum qilamiz“, - deyiladi xabarda.






