Toshkent shahar IIBB poytaxtda yo`l talashib qolgan haydovchilar o`rtasida yuz bergan ayrim mojaroli holatlar to`g`risida ma`lumot berdi.
Yashnobod tumani IIO FMBga kelib tushgan xabarga ko`ra, Beshariq va Birlashgan ko`chalari chorrahasida, 20 yoshli Axror K., 21 yoshli Abror T. va 26 yoshli Otabek R. o`zaro janjal oqibatida haydovchi 32 yoshli Ravshan X.ga tan jarohatlari etkazgan, shundan so`ng ular hodisa joyidan yashiringan.
Aniqlanishicha, haydovchilar o`rtasidagi mojaroga aynan yo`l harakati qoidalariga rioya qilmaslik sabab bo`lgan.
Shu kabi holat Sergeli tumanida ham sodir bo`lgan. 32 yoshli Islomjon X. 43 yoshli Farhod M.ni urib tan jarohati etkazgan. O`zaro janjal, haydovchilarning yo`lni talashib qolganliklari oqibatida kelib chiqqan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
«Yo`llarda bir-biringizga va yo`l harakatining boshqa ishtirokchilariga nisbatan hushmuomala bo`lishingizni so`raymiz. Belgilangan tezlikka hamda yo`l harakati qoidalariga rioya qiling», — deyiladi xabarda.






