Mamlakatimizda sog`liqni saqlash tizimi rivojlangani sari sohada amalga oshirilayotgan yuqori texnologik murakkab operasiyalar soni ortib bormoqda.
Ayniqsa, bugungi kunda zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan samarali foydalanib, bemor tanasiga tig` tekkizmasdan yoki eichik kesmalar orqali bajariladigan operasiyalar, jarrohlikning kaminvaziv usullari amaliyotda keng qo`llanilyapti.
Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o`tkazilayotgan ana shunday noyob operasiyalar qanchadan qancha og`ir bemorlar salomatligini tiklashga xizmat qilyapti.
Yaqinda markazga Farg`ona viloyatining Beshariq tumanida yashovchi 33 yoshli N. Saidahmedova murojaat qilgan. Uni bir necha yildan buyon ikki tomonlama bel sohasidagi og`riqlar qiynab kelayotgan edi.
Urolog Asqar Rahimboevning aytishicha, tekshiruvlardan so`ng bemorga peshob yo`llari rivojlanishining anomaliyasi, ya`ni taqasimon buyrak, ikki tomonlama peshob nayining torayishi kabi og`ir tashxislar qo`yilgan.
Bunday tashxis bo`yicha bemorda laparoskopik sistotomiya, ureteropelvil segment laparoskopik plastika kabi o`ta murakkab amaliyotlarni bajarish lozim, deb topilgan. Bemorning nisbatan yoshligi inobatga olinib, uning buyragini saqlab qolish maqsadida ushbu jarrohlik operasiyalari o`tkazilgan.
Amaliyot vaqtida maxsus uskunalar yordamida peshob naylarining toraygan qismi plastika qilindi. Operasiya vaqtida va undan so`ng hech qanday asoratlar kuzatilmagan.
Kaminvaziv jarrohlik amaliyoti bajarilgani uchun bemor ilk kundanoq harakatlanib, to`rt kundan so`ng uyiga javob berilgan.
— Avvallari bu turdagi operasiyalar ochiq usulda bajarilar edi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Shuhrat Muxtorov. — Ba`zida esa bemorning buyragini olib tashlash hollari ham kuzatilgan. Natijada ular keyingi umri davomida ma`lum cheklovlar bilan yashashga majbur bo`lgan.
Hozir esa markazimizda bunday o`ta murakkab buyrak anomaliyalari ham kaminvaziv usullar yordamida samarali davolanmoqda. Ya`ni kasallangan a`zoni saqlab qolgan holda davolash imkoniyati mavjud.






