AQSh ma`muriyati Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining maymunchechak epidemiyasini jamoat salomatligi uchun favqulodda holat deb e`lon qilganidan kelib chiqib, virus tarqalishini nazorat qilish uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan kelishilgan harakatlar zarurligini ta`kidlamoqda. Bu bo`yicha Oq uyning pandemiya masalalari bo`yicha koordinatori Raj Panjobiyning tegishli bayonoti e`lon qilindi.
Uning so`zlariga ko`ra, JSSTning bu qadami jahon hamjamiyatini ushbu virus tarqalishini to`xtatish uchun harakatga chaqirishdir.
“Maymunchechak tarqalishini to`xtatish, infeksiyaga eng zaif hududlarni himoya qilish va hozirgi epidemiyani nazorat qilish uchun muvofiqlashtirilgan xalqaro harakatlar zarur",- deydi u.
AQSh ma`muriyati rasmiysining so`zlariga ko`ra, mamlakat hukumati avvalroq maymunchechak kasalligiga qarshi kurash strategiyasini ma`qullagan. Bu, xususan, vaksinalarni sotib olish va ishlab chiqarish hajmini oshirish, shuningdek, ularni butun mamlakat bo`ylab tarqatishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, Vashington jamoatchilikka maymunchechakni tekshirish uchun qo`shimcha imkoniyatlarni taqdim etish va ko`proq tushuntirish ishlarini olib borish niyatida.
Eslatib o`tamiz, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus kecha boshida maymunchechak epidemiyasini xalqaro ahamiyatga molik jamoat salomatligi favqulodda holat deb e`lon qildi. Tashkilot rahbarining so`zlariga ko`ra, hozirda 75 ta davlat va hududlarda 16 mingdan ortiq infeksiya holatlari qayd etilgan va besh kishi vafot etgan.






