“Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori (396-son, 21.07.2022 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qaror bilan normativ-huquqiy hujjatlarni “tartibga soluvchi gilotina” usuli orqali tizimlashtirish natijasida 422 ta Hukumat qarori o`z kuchini yo`qotdi.
O`z kuchini yo`qotgan hujjatlarning 90 foizi (331 ta)ni yaxlit qarorlar, 10 foizi (91 ta)ni esa hujjatlarning ayrim bandlari tashkil qiladi.
Mazkur hujjatlarning bekor qilinishiga quyidagilar asos bo`ldi:
▫️keyinroq qabul qilingan hujjatlar bilan bir xil normalarning mavjudligi;
▫️normalarning keyinroq qabul qilingan hujjatlar normalariga zid kelib qolganligi;
▫️qarorlarning qabul qilinishiga asos bo`lgan yuqori yuridik kuchga ega bo`lgan hujjatlarining bekor qilinganligi natijasida o`z dolzarbligini yo`qotganligi;
▫️qarorlar bilan o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilgan boshqa qarorlarning o`z kuchini yo`qotgan deb topilganligi;
▫️qarorlarda belgilangan bir martalik, vaqtinchalik bajarilishi lozim bo`lgan topshiriqlarning ijrosi ta`minlanganligi.
Hujjat Adliya vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.






