“Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tizimli isloh qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ-330-son, 23.07.2022 y.) imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
2022/2023 o`quv yilidan yangi avlod oliy ta`lim muassasasi – “Smart Universitet” konsepsiyasi asosida Universitet faoliyati transformasiya qilinadi.
Universitetda akademik faoliyat ilmiy-tahliliy yo`naltirilganlik va akademik yaxlitlik ta`lim texnologiyalari hamda ularni ta`minlovchi dasturiy-apparat kompleksi asosida, shu jumladan antiplagiat tizimini joriy etgan holda tashkil etiladi.
Har yili Universitetning kamida 10 nafar professor-o`qituvchilari, doktorantlari va magistrantlari xorijiy davlatlarning etakchi ta`lim muassasalariga ilmiy stajirovka va malaka oshirish uchun yuboriladi.
2025 yil 1 yanvargacha Universitet jurnalini Scopus xalqaro ilmiy-texnik ma`lumotlar bazasiga kiritish choralari ko`riladi.
Universitetga professor-o`qituvchilariga ilmiy unvonlarni berish hamda ularni ishga qabul qilishda akademik mustaqillik negizida berilgan ilmiy unvonlar va ilmiy darajalarni tan olish vakolati beriladi.
2022/2023 o`quv yili ikkinchi semestrida Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Toshkent davlat yuridik universiteti bilan Universitet o`rtasida talabalar almashinuvini nazarda tutuvchi ichki akademik mobillik dasturlari asosida ta`lim olish istagini bildirgan talabalar uchun bir semestr mos ta`lim yo`nalishlari bo`yicha o`qitish tashkil etiladi.
2022/2023 o`quv yilidan Universitetning iqtidorli talabalari ishlab chiqarish amaliyotini o`tash uchun O`zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga yuboriladi.
Universitet huzurida “Xalqaro munosabatlar: siyosat, iqtisodiyot, huquq” jurnali tahririyati tashkil etiladi.






