Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan «Meros» filmi joriy oy Hindistonda o`tkazilgan “Oltin tulpor” ("Golden Horse Film Festival") xalqaro kinofestivalida "Eng yaxshi xorijiy film" nominasiyasi bo`yicha g`olib bo`lgan edi. Film ushbu kinofestivalda "Eng yaxshi rejissyorlik ishi" nominasiyasi bo`yicha ham e`tirof etildi.
— "Meros" filmining bir kinofestivalda ikkita mukofot bilan taqdirlanishi ijodiy jamoamizni xursand qildi. Bunday e`tibor har doim ham berilavermaydi. O`zbek kinosining xalqaro kinofestivallarda ishtiroki ko`payganidan mamnunmiz, albatta! "— dedi film rejissyori Hilol Nasimov.
Badiiy film o`zbek va qozoq xalqlarining abadiy do`stligi, an`analari haqida hikoya qiladi. Ssenariy muallifi va rejissyor Hilol Nasimov, postanovkachi operator Husan Aliev, kompozitor Dmitriy Yanov-Yanovskiy, postanovkachi rassom Fazliddin Turdiev.
Mazkur film may oyida Rossiyada bo`lib o`tgan “Zolotoy Vityaz” kinoforumida “Qozoq va o`zbek xalqlari o`rtasidagi an`ana va munosabatlarning umumiyligi mavzusini ochib bergani uchun” maxsus diplom bilan taqdirlangan.
Ma`lumot uchun, yaqin kunlarda "Meros" filmi Rossiyaning Qozon shahrida bo`lib o`tadigan Xalqaro kinofestivalning tanlovdan tashqari dasturida namoyish etilishi rejalashtirilgan.