Koronavirusning "kentavr" deb ataladigan omikron shtammining kichik turi "jonli vaksina" bo`lib chiqishi va pandemiyaga barham berishi mumkin, dedi tibbiyot fanlari doktori, immunolog, o`ta xavfli infeksiyalar bo`yicha mutaxassis Vladislav Jemchugov.
Uning so`zlariga ko`ra, «kentavr» juda yuqumli, shuning uchun u aholini tezda immunizasiya qiladi.
Eslatib o`tamiz, koronavirusning BA.2.75 deb atalgan yangi mutasiyasi, ya`ni “Kentavr” nomi bilan ham yuritilayotgan ushbu kichik shtamm ilk bor iyun oyi boshida Hindistonda aniqlangandi.
Tadqiqotchilar ushbu virus turini “ikkinchi avlod”ga mansub subvariant sifatida baholashyapti. Chunki u “omikron”ning BA.2 versiyasi mutasiyaga uchrashi oqibatida hosil bo`lgan.
Ayni paytda Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti yangi variantni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Ammo uning jiddiyligini baholash uchun hali etarli namunalar yo`qligi aytilyapti.
Evropa olimlari esa BA.2.75 “omikron”ning avvalgi versiyalariga nisbatan yuqumliroq va yanada og`ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin, degan fikrda.






