2024/2025 o`quv yilidan boshlab ta`lim tashkilotlari bitiruvchilari uchun umumta`lim fanlari bo`yicha yakuniy davlat attestasiyasi o`tkazishni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga topshirish rejalashtirilyapti. Bu haqda O`zbekiston Prezidentining “Umumta`lim fanlari bo`yicha yakuniy davlat attestasiyasini o`tkazish va oliy ta`lim tashkilotlariga o`qishga qabul qilish tartibini takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori loyihasida belgilanmoqda.
Qaror loyihasiga ko`ra, umumiy o`rta va o`rta maxsus ta`lim tashkilotlari hamda kasb-hunar maktablari (keyingi o`rinlarda – ta`lim tashkilotlari) umumta`lim fanlari bo`yicha yakuniy davlat attestasiyasini o`tkazish hamda oliy ta`lim tashkilotlariga o`qishga qabul qilishning quyidagi tartibi joriy etiladi:
• 2024/2025 o`quv yilidan boshlab ta`lim tashkilotlari bitiruvchilari (keyingi o`rinlarda – bitiruvchilar) uchun umumta`lim fanlari bo`yicha yakuniy davlat attestasiyasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi o`rinlarda – Davlat test markazi) tomonidan o`tkaziladi;
• Bunda bitiruvchilar uchun majburiy uchta fan – ona tili (o`zbek, rus, qoraqalpoq va boshqa tillar), matematika va O`zbekiston tarixi fanlarini (keyingi o`rinlarda – majburiy fanlar) hamda ikkitadan to`rttagacha bakalavriat ta`lim yo`nalishiga mos bo`lgan umumta`lim fanlari(keyingi o`rinlarda – mutaxassislik fanlari)dan bilish darajasini aniqlash bo`yicha test sinovi o`tkaziladi;
• test sinovi natijalari bo`yicha bitiruvchilarga uch yil muddatga amal qiladigan elektron milliy sertifikat (keyingi o`rinlarda – sertifikat) beriladi;
• bitiruvchilarga shaxodatnoma (yoki diplom) berishda yakuniy davlat attestasiyasida bitiruvchilarning majburiy fanlar bo`yicha test sinovi natijalari inobatga olinadi va shaxodatnoma (yoki diplom)da qayd etiladi;
• ta`lim dasturlarini to`liq o`zlashtirgan va o`quv fanlaridan yil davomida qoniqarli baho olgan bitiruvchilar test sinoviga qo`yiladi. Bunda bitiruvchilar ro`yxati Xalq ta`limi vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, tizimida umumta`lim muassasalari bo`lgan vazirlik va idoralar (keyingi o`rinlarda – vazirlik va idoralar) tomonidan elektron idoralararo axborot almashinuvi orqali Davlat test markazining platformasiga integrasiya qilinadi;
• bitiruvchilar shahodatnoma (diplom) olishlari uchun test sinovi natijasi bo`yicha majburiy fanlardan to`planishi lozim bo`lgan minimal ball Xalq ta`limi vazirligi tomonidan belgilanadi;
• test sinovi natijasi bo`yicha majburiy fanlardan minimal ball va undan yuqori ball to`plagan bitiruvchilar yakuniy davlat attestasiyasidan o`tgan hisoblanadi;
• yil davomida test sinovini topshirib umumta`lim fanlaridan sertifikatga ega va uning bali Xalq ta`limi vazirligi tomonidan belgilangan minimal o`tish baliga mos kelgan bitiruvchilar tegishli fanlar bo`yicha yakuniy davlat attestasiyasidan ozod etiladi;
• test sinovlari har yili iyun - iyul oylarida Davlat test markazi tomonidan katta sig`imli binolarda hamda O`zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasi (keyingi o`rinlarda – Davlat komissiyasi) tomonidan belgilanadigan uzoq hududlardagi binolarda qog`oz (yoki elektron) shaklda o`tkaziladi;
• majburiy fandan minimal ball to`play olmagan, uzrli sababga ko`ra (kasalligi, oila a`zolarining vafot etganligini, xalqaro sport musobaqalarida, olimpiada va ko`rik tanlovlarda ishtirok etayotganligi) test sinovida qatnasha olmagan bitiruvchilarga asoslovchi hujjatlarga muvofiq yakuniy davlat attestasiyasi to`liq yakunlanganidan ikki hafta o`tgach ushbu fanlardan qayta test sinovini topshirish huquqi beriladi;
• qayta test sinovi natijalari bo`yicha etarli ball to`play olmagan bitiruvchilar barcha oliy ta`lim tashkilotlariga o`qishga qabul qilish tanlovida ishtirok eta olmaydi, ularga ta`lim tashkilotlari tomonidan tegishli ta`limni tugatganligi haqida ma`lumotnoma beriladi hamda keyingi yil yakuniy davlat attestasiyasida qayta test sinovini topshirish huquqi beriladi.
Bunda oldingi yilda ta`lim tashkilotini tugatgan, lekin yakuniy davlat attestasiyasidan o`ta olmagan bitiruvchilar, yagona interaktiv xizmatlar portali yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali o`zi ta`lim olgan ta`lim tashkilotiga yakuniy davlat attestasiyasidan o`tish uchun ariza bilan murojaat qiladi.
Bitiruvchilar majburiy hamda mutaxassislik fanlaridan test sinovi natijalari asosida oliy ta`lim tashkilotlariga belgilangan tartibda o`qishga qabul qilinadi.
Mazkur tartib xorijiy fuqarolar va Prezident maktablari bitiruvchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qaror bilan 2024/2025 o`quv yilidan boshlab bitiruvchilarga ta`lim tashkilotlari tomonidan umumta`lim fanlari bo`yicha yakuniy davlat attestasiyasini o`tkazish amaliyoti bekor qilinadi.
Bitiruvchilarga san`at, madaniyat, sport va boshqa alohida iqtidor talab etiladigan ta`lim yo`nalishlarining mutaxassisilik fanlaridan yakuniy davlat attestasiyasi yuqori turuvchi vazirlik va idoralarning belgilangan tartibi asosida ta`lim tashkilotlari tomonidan o`tkaziladi.