Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Transport vazirligi huzuridagi Yo`l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshqarma boshlig`i Dilshod Axunjanov ma`lum qildi.
Inspeksiyaga 2022 yilning dastlabki yarim yilligi davomida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kelib tushgan murojaatlar va ularning tafsilotlari to`g`risida axborot:
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida inspeksiyaga jami 290 ta murojaat kelib tushdi. Bu ko`rsatkichning — 2021 yil shu davriga nisbatan qariyb 47 foizga oshgani — inspeksiyaga nisbatan aholi ishonchi ortib borayotgani dalil bo`la oladi.
Avtomobil yo`llari foydalanuvchilaridan kelib tushgan 79 ta murojaat asosida yo`llarning sifat ko`rsatkichlari joyiga chiqib o`rganildi va natijasi bo`yicha quyidagilar amalga oshirildi:
34 ta murojaat asosida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha 52 ta ko`rsatma berildi. Ko`rsatma talablarini muddatida bartaraf etmagan 4 ta holat yuzasidan — mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar qo`llash bo`yicha ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborildi.
8 ta holatdagi qariyb 474 million so`mlik sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlari hisobotdan chiqarildi. Sodda tilda aytganda, bu pullar pudratchi korxonalarga to`lab berilmaydi.
44 ta murojaatga binoan, ularda tilga olingan ob`ektlarni ta`mirlash dasturlariga kiritish yuzasidan hokimliklar, avtomobil yo`lini o`z balansida saqlovchi tashkilot va tegishli sektor rahbarlariga takliflar kiritildi.
2022 yil 1 yarim yilligi davomida “O`zyo`linspeksiya” rahbariyati tomonidan Farg`ona va Samarqand viloyatlarida sayyor qabullar o`tkazildi. Rishton va Urgut tumanlarida tashkil etilgan sayyor qabullarda, kelib tushgan murojaatlarda ko`tarilgan masalalar – hududiy davlat inspektorlarining doimiy nazoratiga olinib, ijrosi ta`minlanib kelinmoqda.
Bundan tashqari, inspeksiyaning hududiy bo`linmalari rahbarlari tomonidan ham — Navoiy, Toshkent, Jizzax, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog`iston Respublikasida sayyor qabullar o`tkazilib, 19 ta murojaat ijobiy hal etildi.






