Ma`lumki, transport vositalarini alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta`siridan yoki o`zgacha tarzda mast holda boshqarish ma`muriy huquqbuzarliklarning ob`ektiv tomonini tashkil qiluvchi harakatlar O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksi (MJtK) bilan qo`riqlanadigan jamoat munosabatlarini jiddiy buzadi va uning oqibatida jinoyatlar sodir etilishiga ham olib keladi.
Shu nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda hamda ushbu toifadagi ishlar yildan-yilga oshib borayotganligini inobatga olib, qonun chiqaruvchi har doim ushbu toifadagi huquqbuzarliklar uchun jazoni kuchaytirib bormoqda.
Jumladan, 2018 yil 22 oktyabrdagi O`RQ-503 – sonli Qonun bilan MJtKning 131-moddasi 1-3-qismlari sanksiyasidagi jazolar kuchaytirildi.
Kiritilgan o`zgartirishga ko`ra, MJtKning 131-moddasi 1-qismiga maxsus huquqdan mahrum qilish jazosi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari jarima qo`llanilishi belgilandi.
Bu Qonun qabul qilinishiga Respublika bo`yicha 2017 yilda mast holda transport vositalarini mast holda boshqarish bilan bog`liq huquqbuzarlik 53.541 ta aniqlanganligi va bu ko`rsatkich 2016 yilga nisbatan 42 foizga oshganligi sabab bo`lgan.
Qashqadaryo viloyatida 2021 yil davomida ushbu toifadagi huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar soni 2020 yilga nisbatan 10 foizga oshgan bo`lsa-da, jinoyat ishlari bo`yicha sudlarning Yo`l harakati xavfsizligi xizmati bilan hamkorligida ushbu toifadagi huquqbuzarlikning profilaktikasi borasida o`tkazilgan tadbirlar natijasida haydovchilarning mast holatda transport vositasini boshqarishi bir muncha kamaygan.
Jumladan, 2021 yilning birinchi yarmi davomida 1131 shaxs transport vositasini mast holatda boshqarganligi uchun jazolangan bo`lsa, 2022 yilning shu davrida ushbu ko`rsatkich - 709 shaxsni tashkil qilgan va bu toifadagi huquqbuzarliklar soni 422 taga yoki 37 foizga kamayishiga erishilgan bo`lsa-da, bugungi kunda yo`l harakati xavfsizligi masalasi o`ta muhimligi sababli, bu boradagi faoliyatimizni tanqidiy ruhda qayta ko`rib chiqib, ushbu toifadagi huquqbuzarliklar profilaktikasini yanada kuchaytirish zarur bo`ladi.
Mast holatda transport vositasini boshqarganligi uchun javobgarlikka tortilgan 709 shaxsdan:
- 606 nafariga jarima (shundan 553 nafariga jarima bilan birga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan);
- 103 nafariga ma`muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Ma`muriy javobgarlikka tortilganlarning 145 nafari yoshlar (18-30 yosh), 25 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslardir.
2021 yilning birinchi yarmi davomida jarima qo`llanilgan shaxslarning 36 foiziga MJtKning 33-moddasiga asosan qonunda belgilangan jarimaning eng kam qismidan ham kamroq jarima qo`llanilgan bo`lsa, 2022 yilning shu davrida bu ko`rsatkich – 2 foizni tashkil qilgan.
Transport vositasini mast holda boshqarish bilan bir qatorda haydovchining mastligini aniqlash uchun tekshirishdan bo`yin tovlaganlikda (MJtKning 136-moddasi) ifodalangan ma`muriy huquqbuzarlik ham o`z xususiyatiga ko`ra, MJtK bilan qo`riqlanadigan jamoat munosabatlarini jiddiy buzadi.
2022 yilning birinchi yarmida MJtKning 136-moddasi bilan bog`liq huquqbuzarlik sodir etgan 315 shaxs javobgarlikka tortilgan bo`lib, shundan 280 nafariga jarima, 35 nafariga ma`muriy qamoq jazolari qo`llanilgan. Ushbu toifadagi ishlar o`tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravarga oshgan.
Sudlar bu toifadagi huquqbuzarliklarga qarshi murosasiz kurashayotganligi va kelgusida ham bu kabi qo`pol qoidabuzarlarga jazo muqarrarligini ta`minlashini inobatga olib, barcha Yo`l harakati qatnashchilaridan qonunlarga qat`iy rioya qilishini so`raymiz.
Qashqadaryo viloyat sudi raisining o`rinbosari O`. Mamadaliev