Davlat xavfsizlik xizmatining Farg`ona viloyati bo`yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida juda ko`p miqdordagi xorijiy valyutani noqonuniy ravishda qo`shni davlatga olib chiqilishining oldi olindi.
Xususan, Farg`ona tumanida yashovchi 1985 y.t. T.J. Qo`qon shahrida hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan fuqarodan 152 ming 663 AQSh dollarini olib, Qirg`iziston Respublikasiga o`tkazish maqsadida, Farg`ona tumanida yashovchi, 1977 y.t., muqaddam sudlangan R.R.ga etkazib berish uchun ketayotgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan qo`lga olindi.
Shuningdek, o`zbek-qirg`iz davlat chegarasiga yaqin bo`lgan Farg`ona tumanining Mindon qishlog`ida kutib turgan R.R. ham ushlandi.
Boshqa bir holatda esa Farg`ona tumanida yashovchi 1992 y.t. M.Sh. Farg`ona shahrida fuqaro A.T.dan 140 ming 54 AQSh dollarini olib, Qirg`iziston Respublikasida istiqomat qiluvchi shaxsga etkazib berish maqsadida “Farg`ona-Vodil” yo`nalishida davlat chegarasi tomon harakatlanayotgan vaqtida to`xtatib qolindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, A.T. ham qo`lga olindi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan DXX Farg`ona viloyati bo`yicha Boshqarmasi tergov bo`limi tomonidan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






