Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesusning so`nggi bayonotiga ko`ra, maymun chechagi virusi qayd etilgan mamlakatlar soni 78 taga etdi. Kasallikni yuqtirgan bemorlar esa 18 ming nafardan oshdi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.
Tasdiqlangan holatlarning 70 foizdan ortig`i Evropa davlatlari, 25 foizi esa Amerika qit`asi hissasiga to`g`ri kelmoqda. Xastalik tufayli besh nafar bemor hayotdan ko`z yumgan.
Shu bois JSST o`tgan hafta so`ngida maymun chechagi epidemiyasini favqulodda holat deb e`lon qilgandi.
Endi esa tashkilot bemorlar bilan aloqada bo`lgan, shuningdek, infeksiyani yuqtirish xavfi yuqori aholi qatlamiga emlanishni tavsiya etmoqda. Ular orasida tibbiyot xodimlari ham bor!
Xususan, Evropa Ittifoqi, Kanada va AQShda “MVA-BN” vaksinasi amalda qo`llash uchun tasdiqlandi. Shuningdek, “LC16” va “ACAM2000” vaksinalarining samaradorligini baholash jarayoni davom etmoqda.
“Maymun chechagiga qarshi emlash vositalarining qanchalik yuqori natija berishi, qolaversa, talab etiladigan dozalari haqida etarlicha ma`lumotga ega emasmiz, — deydi T.Gebreyesus. — Ammo kasallik profilaktikasida hozircha eng to`g`ri chora shu. Ayni sababdan bunga doir tadqiqotlar davom ettirilyapti."
JSST rahbarining ta`kidlashicha, qo`llanilgan vaksina infeksiyadan darhol himoya qilmaydi. Chunki tananing moslashish jarayoni bir necha haftaga cho`zilishi mumkin.
‼️Shuningdek, maymun chechagini yuqtirgan bemorlar va virus tashuvchisi bo`lgan fuqarolar bilan aloqani cheklash lozim. Bu xastalik nafaqat erkaklar, balki bolalar, homilador ayollar va immuniteti zaif odamlar salomatligiga ham xavf soladi.






