AsosiyJamiyat

"O`qituvchilar uchun maktablarda yagona majburiy forma mavjud emas"

'"O`qituvchilar uchun maktablarda yagona majburiy forma mavjud emas"'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimining tegishli qarori asosida poytaxt maktablarining o`qituvchilariga maktab formasi olish uchun ma`lum miqdorda mablag` ajratilganligi xususida xabarlar tarqab, keng muhokamalarga sabab bo`lmoqda. 

Fuqarolar o`rtasida yuzaga kelayotgan tushunmovchiliklarga javoban Xalq ta`limi vazirligi O`zbekistondagi maktab o`qituvchilari uchun mamlakat miqyosida belgilangan va tasdiqlangan yagona majburiy forma turi mavjud emasligini ma`lum qildi.

Qayd etilishicha, xalq ta`limi vazirligining 2020 yil 28 maydagi “Umumiy o`rta ta`lim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalarini tasdiqlash to`g`risida” 131-sonli buyrug`iga asosan, tizim xodimlarning ichki tartib va odob-axloq qoidalari belgilangan. Unga ko`ra, o`qituvchilar maktab darajasida belgilangan dress-kod talablariga rioya qilishlari zarurligi aytiladi.

"Aytish joizki o`qituvchi jamiyatning ziyoli va ma`rifat ulashuvchi a`zosi sifatida nafaqat ilmi va axloqi, balki kiyinish madaniyati bilan ham yoshlarga o`rnak bo`lishi maqsadga muvofiq. Ya`ni o`qituvchilarning o`z kasbiga xos bo`lgan kiyimda bo`lishi, albatta, o`quvchilarda o`z ustozi shaxsiyati va kasbiga bo`lgan hurmatining yanada oshishiga sabab bo`ladi.

"Shu o`rinda Toshkent shahar hokimligining pul ajratganligiga izoh sifatida Xalq ta`limi vazirligi poytaxt maktablari o`qituvchilarning ijtimoiy himoyasi yo`lidagi mazkur tashabbusini qo`llab-quvvatlashini hamda bu g`amxo`rlikdan minnatdorligini bildirib o`tadi. Boshqa hudud hokimlarini ham o`qituvchilarni qo`llab-quvvatlashda faollikka chaqirib qoladi",-demoqda Xalq ta`limi vazirligi.

    Boshqa yangiliklar