Hukumat qarori bilan O`rta va o`rta maxsus professional ta`lim muassasalarida sirtqi hamda kechki ta`limni tashkil etish tartibi to`g`risida nizomlar tasdiqlandi. Bu haqda "Huquqiy axborot"da xabar berilmoqda.
Unga ko`ra, sirtqi va kechki ta`limga o`quvchilarni qabul qilish:
- sirtqi va kechki shaklda – boshlang`ich professional, kasb-hunar kolleji, umumiy o`rta (11-sinf negizida) yoki o`rta maxsus ma`lumot to`g`risidagi tegishli hujjatga;
- ikkinchi va undan keyingi kvalifikasiya(lar) berishning sirtqi va kechki shaklida – bir kasb yoki mutaxassislik doirasida ikkinchi va undan keyingi kvalifikasiya(lar)ni egallash uchun tegishli kasb yoki mutaxassislik bo`yicha professional ta`lim olganligi to`g`risidagi hujjatga ega shaxslar hisobidan amalga oshiriladi.
Ma`lum qilinishicha, o`quvchilarga o`quvchilik guvohnomasi bepul beriladi. O`quv semestri yakunigacha sirtqi ta`limda o`qish mustaqil, shu jumladan, masofadan turib ta`lim olish shaklida amalga oshiriladi. Kechki ta`limda esa o`qish odatda kunduzgi smenadan keyingi vaqtda auditoriya mashg`ulotlari (ma`ruza, amaliy, laboratoriya) shaklida hamda o`quvchilarni asosiy ish joyidan ajralmagan holda mustaqil, shu jumladan, masofadan turib o`qitish shaklida amalga oshiriladi.
Kechki ta`limda o`qish (kunduzgi ta`limdan farqli ravishda) bir haftada, odatda, 4-5 kun amalga oshiriladi va haftalik o`quv soati hajmi 20 soatdan oshmaydi.
Sirtqi ta`lim o`quvchilariga o`quv sessiyasida ishtirok etishi, bitiruvchi bosqich o`quvchilariga yakuniy davlat attestasiyalaridan o`tishi, bitiruv malakaviy ishini himoya qilishi uchun ishlab turgan joyidan kamida 30 kalendar kunlik o`rtacha oylik maoshi saqlangan qo`shimcha ta`til beriladi.
Eslatib o`tamiz, mazkur tartiblar Adliya vazirligining yuridik texnikumlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.






