AsosiyJamiyat

Bugundan Muharram oyi kirib keldi. Bu oyning fazilatlarini bilasizmi?

'Bugundan Muharram oyi kirib keldi. Bu oyning fazilatlarini bilasizmi?'ning rasmi

2022 yilning 30 iyul kuni – yangi 1444 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2022 yilning 8 avgust, dushanba kuniga to`g`ri keladi.

Muharram oyi qanday oy?   Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to`kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa`da, Muharram, Rajab) to`rt oyning biri bo`lib, uning o`ninchi kuni ya`ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


Ashuro qanday kun?   Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro`za tutgan. Men Musoga ko`proq (yaqin bo`lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro`za tutib, odamlarni ham uning ro`zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ashuro kuni ro`za tutish o`tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo`ladi.   Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro`zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo`ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

 Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo`ladi.   Abu Sa`d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo`yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko`rdim”, deganlar.
Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o`tkazardilar?   Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o`tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro`zasini Ramazon oyi ro`zasini kutib sog`ingandek, boshqa kun va oy ro`zasini kutganlarini ko`rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro`zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro`zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug`laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to`qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e`tiboran, Ashuro kuniga qo`shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro`za tutmoq afzal deydilar.

Manba: O`zbekiston musulmonlari idorasi

    Boshqa yangiliklar