Sal avval ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Moliya vazirligining Avtomobil yo`llarini rivojlantirish maqsadli jamg`armasi rahbarining axboroti bo`yicha yoritilgan materiallarda 2021-2022 yillarda yo`l xo`jaligi loyihalarida amalga oshirilgan qurish-ta`mirlash ishlarini o`rganish natijasiga ko`ra 45 ta holatda 34 trln 575 mlrd so`mlik mablag`lar samarasiz va noqonuniy sarflangan deb qayd etilgan.
Mazkur ma`lumot haqiqatga to`g`ri kelmaydi, deya munosabat bildirmoqda Avtomobil yo`llari qo`mitasi Matbuot xizmati
Ma`lum qilinishicha, ushbu materiallarda yo`l ishlarini amalga oshirish uchun 2021 yil va 2022 yilning I yarim yilligida Jamg`arma tomonidan jami 13,3 trln so`m ajratilganligi bayon etilgan bo`lsa-da, 34,5 trln so`mlik mablag`lar samarasiz va noqonuniy sarflangan deb ko`rsatilishi mantiqan noto`g`ri.
Qo`mitaning matbuot xizmati tomonidan olib borilgan tushuntirishlardan so`ng ayrim saytlardagi ma`lumotlarga o`zgartirishlar kiritilib, "34,5 trln so`m" jumlasi "34,5 mlrd so`m" jumlasiga o`zgartirildi.
O`z navbatida, ushbu 34,5 mlrd so`m miqdoridagi mablag`larning samarsiz ishlatilishi to`g`risidagi ma`lumotlarga aniqlik kiritilib, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasidan ma`lumotlar olindi.
Taqdim etilgan ma`lumotlarga ko`ra, 34,5 mlrd so`mdan 12,1 mlrd so`m (36%) qismi respublika yo`l xo`jaligi tizimiga taalluqli bo`lmagan korxonalar va ob`ektlarga tegishlidir.
Qolgan 22,4 mlrd so`m mablag`ning 15,8 mlrd so`m (71%) qismi o`z tasdig`ini topmadi.
Qolgan 6,6 mlrd so`m miqdoridagi yo`l ishlarini bajarish bilan bog`liq aniqlangan kamchiliklar tekshiruv jarayonida to`liq bartaraf etilgan hamda tegishli dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilgan.
Shuni alohida ta`kidlash lozimki, aniqlangan kamchiliklar orasida Jamg`arma mablag`larini talon-taroj qilish holatlari aniqlanmagan.
Avtomobil yo`llari qo`mitasi so`z erkinligi bo`yicha Konstitusiyaviy huquqlarni hurmat qilgan holda barcha ommaviy axborot vositalari, blogerlar va fuqarolar uchun ochiqligini hamda sohaga oid barcha savollarga javob berishga tayyorligini yana bir bor ma`lum qiladi.