Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qonun loyihasi bilan manzil-koloniyalarda O`zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi, Soliq kodeksi hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga tegishli o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda. Ya`ni, jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o`tayotgan mahkumlarning, shu jumladan nogironligi bo`lgan mahkumlarning huquq doirasi kengaytirilib, xalqaro huquq normalari bilan muvofiqlashtirilmoqda.
Shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida mehnatga jalb etilgan mahkumlarga koloniyalardagi ish stajini ularning umumiy mehnat stajiga qo`shib hisoblash tartibi joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, mahkumlarga rag`batlantirish, muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni engilrog`i bilan almashtirish choralarini ko`rish uchun asos bo`ladigan mahkumning tuzalish yo`liga o`tganligini baholovchi aniq mezonlar belgilanyapti.






