Xodimlarni xizmat safariga yuborishning yangi tartibi belgilandi. Hukumat qarori bilan bu bo`yicha nizom tasdiqlandi.
Unga ko`ra, xizmat safari muddati tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi. Bunda muddat yo`ldagi vaqtni hisobga olmaganda 30 kalendar kundan ko`p bo`lmasligi lozim. Shuningdek, montaj, ishga tushirish-sozlash, qurilish va qidiruv ishlarini bajarish uchun yuboriladigan xodimlar, rahbarlar va mutaxassislarning xizmat safari muddati 12 oydan ko`p bo`lishi mumkin emas.
Tashkilotda xizmat safariga ketayotgan va qaytayotgan shaxslarni ro`yxatga olish maxsus jurnallarda “O`zASBO” dasturiy majmuasida (yoki buxgalteriya hisobini yurituvchi axborot tizimida) elektron yuritiladi.
Xodimga u yuborilgan tashkilotdagi ish vaqti rejimi va dam olish vaqtlari taalluqli bo`ladi. Xizmat safari vaqtida foydalanilmagan dam olish kunlari xizmat safaridan qaytganda tiklanmaydi. Agar xodim dam olish yoki bayram kunlarida xizmat safariga yuborilgan joyda ishlagan bo`lsa, kompensasiya to`lanadi. Shu jumladan, agar xodim xizmat majburiyatlarini bajarish uchun dam olish kunida xizmat safariga yuborilsa, unga safardan qaytgach boshqa dam olish kuni beriladi.
Tabiiy-iqlim va maishiy sharoitlari og`ir hududlarga yuborilgan xodimlarga o`sha hudud uchun belgilangan qo`shimcha ustamalar ham to`lab berilishi ko`zda tutilgan.
Xodimga turar joy bilan bog`liq xarajatlar (mehmonxona yoki turar joy ijarasi), xizmat safari joyiga borish hamda doimiy ish joyiga qaytish yo`l xarajatlari qoplanadi, shuningdek, kundalik xarajatlar uchun haq to`lanadi. Mehmonxona xarajatlarining bir kunlik qoplash miqdori tegishlicha BHMning 1,5 barobaridan 3 barobarigacha miqdordan oshmasligi lozim. Turar joyda yashaganligi bo`yicha xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo`lmagan hollarda har bir sutka uchun BHMning 20 foizi miqdorida qoplanadi.
Eslatib o`tamiz, qarorga ko`ra, xizmat safarlari xarajatlari hisobini yuritish bo`yicha dasturiy ta`minot va uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi.






