Bugun bo`lib o`tayotgan yigirma to`qqizinchi yalpi majlisida O`zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi senatorlar tomonidan ma`qullanmadi.
Kodeksni ishlab chiqishda jamoat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qurilish, rekonstruksiya qilish va buzish ishlarini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarning uy-joydan foydalanishda qonunchilik va normativ hujjatlarga rioya etishdagi mas`uliyatini oshirish ko`zlangan.
Ammo muhokamalar davomida senatorlar Kodeksda ayrim normalarni qo`llash mexanizmlari etarlicha ochib berilmaganini ta`kidladi.
Jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat uy-joy fondidagi turar joylarni yuridik shaxslarga belgilangan maqsadda foydalanish uchun ijara shartnomasi shartlari asosida berish vakolatini amalga oshirish tartibi belgilanmagan. Bu esa hokimiyat vakolatlarini suiste`mol qilish va boshqa korrupsion holatlarga shart-sharoitlar yaratib beradi.
Shuningdek, Kodeksda belgilangan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan turar joylarni xususiylashtirish yo`llari ya`ni, yakka tartibda quruvchilarning shirkatlari tomonidan uy-joy qurish hamda obligasiyalarini olish yo`llarini tartibga soluvchi amalda biror-bir normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi ta`kidlandi.
Bundan tashqari, mulkdorlar bilan shartnoma asosida turar joy buzilishi va uning o`rnida yangi turar joy qurilishi mumkinligi, shartnoma notarial tartibda tasdiqlanishi va turar joyni qurish uchun zarur ruxsatnoma olinganidan keyin kuchga kirishi Kodeksda aks ettirilgan bo`lsa-da, shartnomaning qaysi turi haqida so`z yuritilayotganligi mavhum qolgan.
Vaholanki mazkur masalalar shartnomaviy huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi Fuqarolik kodeksida ham o`z aksini topmagan.
Shu bilan birga, qonunchilik texnikasi qoidalariga lozim darajada rioya qilinmagan. Ba`zi normalar bir-biriga zid. Qator moddalar bilan davlat organlariga diskresion (cheklanmagan) vakolatlar berilgan hamda Kodeksda qo`llanilgan bir qator havolaki normalar etarli asoslarga ega emas. O`z navbatida, ushbu holatlar turli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Muhokama yakunida Kodeks jamiyat uchun muhim bo`lgan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishini inobatga olinib, milliy qonun hujjatlari, ilg`or xorijiy mamlakatlar tajribasi va huquqshunos olimlar fikrlarini chuqur tahlil etilgan holda, Kodeksni takomiliga etkazish maqsadga muvofiq deb topildi.






