Prezident videoselektorda archa vazirliklar ish uslubini o`zgartirib, odamlarga xizmat sifatini oshirishi kerakligini ta`kidladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bu borada lisenziya berish, oliygohlarga hujjat topshirish, kadastr hujjati, tug`ilganlik guvohnomasi va xorijga chiqish pasportini olish, to`lov tizimlari bo`yicha aholiga qulayliklar yaratildi.
Lekin, hali ko`p sohalarda qulayliklar yaratish lozimligi ko`rsatib o`tildi.
Jumladan, subsidiyalar uchun aholi va tadbirkorlar o`rtacha 10 ta vazirlik va idoradan xulosa olishi kerak. Elektr tarmoqlariga ulanishda ham ortiqcha xarajat va byurokratiya ko`p. Tibbiyotda qaysi xizmat bepul yoki pulli bo`lishi, davlatdan beriladigan dorilarning hisob-kitobi va egasiga etib borishi, ko`p tumanlarda hali echimini topgani yo`q. Qurilish, transport, kommunal xo`jaligi, standart, karantin idoralarida ham aholi va tadbirkorlarning ishi bitishi qiyin bo`lgan jarayonlar juda ko`pligi ko`rsatib o`tildi.
Shuning uchun, Bosh vazir oldiga bir oy muddatda:
- har bir vazirlik va hokimlikda aholi va tadbirkorlarga xizmat ko`rsatish jarayonlarini tushunarli va qulay shaklga keltirish;
- ortiqcha xarajatlar va hujjatlarni qisqartirish;
- aholiga tez va sifatli xizmat ko`rsatadigan sharoitlarni yaratish bo`yicha “yo`l xaritasi” ijrosini ta`minlash vazifasi qo`yildi.
Bunda birdan-bir mezon – odamlar roziligiga erishish ekani qayd etildi.
Mahallada bog`cha, maktab, yo`l qurish, suv va elektr tarmoqlarini tortib kelish ishlarida aholi faol ishtirok etadigan tizimlar yaratildi.
“Ochiq byudjet” doirasida o`tgan 6 oyda aholi talabiga mos 2 mingdan ziyod ana shunday loyihalar boshlandi. Ularga 1,1 trillion so`m yo`naltirildi. Keyingi olti oyda bunday loyihalar uchun yana 1 trillion so`m ajratish mo`ljallangan.
Eng muhimi, odamlar bunday loyihalarga o`zlarini daxldor bilib, bunyod qilingan infratuzilmadan asrab-avaylab foydalanayapti, dedi Prezident.
Mutasaddilarga aholi bilan bamaslahat qilinadigan loyihalar ko`lamini kengaytirish bo`yicha takliflar kiritish topshirildi.






