Bir muddat avval Toshkentda 8-sinf o`quvchisi bilan yaqinlik qilgani haqida xabar bergan edik.
Ushbu holat yuzasidan 11 noyabr kuni, jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudida sudlanuvchilar A. X., B. G. va M. M. ga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha yopiq sud jarayoni nihoyasiga etib, sud hukmi e`lon qilingandi.
E`lon qilingan sud hukmiga ko`ra, A. X. Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o`n olti yoshga to`lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.
B. G. va M. M. esa Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.
Biroq kuni kecha ijtimoiy tarmoqlar va ayrim OAVlarda aybdorlar ozodlikka chiqarilgani xabar qilindi.
Mazkur holat fuqarolar o`rtasida keskin muhokamalarga sabab bo`ldi. Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o`rinbosari Saida Mirziyoeva ham holatga o`z munosabatini bildirib, bu adolatsizlik ekanini bildirdi.
"Voyaga etmagan qizning nomusiga tekkan uch kishi shartli ravishda ozodlikka chiqarilgani haqida xabar topgach, qattiq tushkunlik va og`riqni his qildim. Bu odamlar normal hayotga qaytishdi, yana bolalar bilan ishlashda davom etishmoqda",-deydi u.
Mirziyoevaning fikricha, voyaga etmaganlar huquqlarini himoya qilishga doir qonunchiligimiz bolalardan ko`ra ko`proq jinoyatchilar haqida qayg`uradi va bu adolatsizlikni zudlik bilan tuzatish zarur.
"Jinoyat kodeksining 128 va 129-moddalari bolalar va o`smirlarni himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlarga javob bermaydi. Bunday jinoyatlar uchun, istisno tariqasida, ozodlikni cheklash yoki ahloq tuzatish ishlari tarzida jazo qo`llanilmasligi kerak. Ushbu moddalarni kuchaytirish kerak, ularga barvaqt ozod bo`lish imkoniyatisiz jiddiy muddatlar qo`llanilishi lozim.
Rais o`rinbosarining ta`kidlab o`tishicha, hozir haddan tashqari engil jazolar potensial jinoyatchilarni qo`rqitmaydi va aynan turli "samosud"larga turtki bermoqda.
"Shuni yodda tutish kerakki, bolalar va o`smirlarni manipulyasiya qilish, ularni qo`rqitish oson, ular o`zlarining xatti-harakatlari uchun ongli ravishda javobgar bo`lolmaydilar. Har qanday holatda ayb butunlay kattalarga yuklanadi. Keling, zo`ravonlarga emas bolalarga g`amxo`rlik qilaylik. Bu sohaga doir qonun hujjatlarini qayta ko`rib chiqish zarur. Qancha tez bulsa, shuncha yaxshi",-deydi u so`zining so`ngida.






