“Ko`p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish va boshqaruvchi tashkilotlarni moliyaviy sog`lomlashtirish borasidagi qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–346-son, 04.08.2022 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qaror bilan 2022 yil 1 sentyabrgacha muammoli kredit qarzi bor uy-joy mulkdorlari shirkatining (JEK) boshqaruv usulini o`zgartirish bo`yicha umumiy yig`ilish qarori qabul qilinsa, ular davlat tomonidan qo`llab-quvvatlanadi.
Bunda:
▫️muammoli bank kreditlari bor shirkatlar bankning xulosasi olingan taqdirda tugatilishi mumkin;
▫️tugatilgan yoki boshqarish usuli o`zgartirilgan shirkatlar boshqaruvidagi ko`p kvartirali uylarni boshqarish uchun, qoida tariqasida, reytingi yuqori bo`lgan boshqaruvchi tashkilotlar jalb qilinadi;
▫️Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi jalb qilingan boshqaruvchi tashkilot faoliyatini, xizmatlar sifatini 6 oy monitoring qiladi va ko`p kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini amalga oshirish qoidalariga rioya qilmagan boshqaruvchi tashkilotlarga choralarni qo`llaydi.
2022 yil 1 noyabrdan:
ko`p kvartirali uylarni boshqarish organlari boshqaruv faoliyatini, ular elektron reestrga kiritilgandan so`ng amalga oshiradi;
uylarni qurish loyiha hujjatlarida, kadastr pasportida umumiy foydalanishdagi mulk ro`yxati aniq ko`rsatiladi;
qurilishi tugallangan ko`p kvartirali uylarga ruxsatnoma berilganidan so`ng loyiha hujjatlari, kadastr pasporti va mazkur ruxsatnomaga umumiy mol-mulkni kamaytirish va tutash erda qo`shimcha ob`ekt qurish uchun o`zgartirish kiritish taqiqlanadi.






