AsosiyJamiyat

Oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga Davlat byudjetidan mablag` ajratiladi

'Oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga Davlat byudjetidan mablag` ajratiladi'ning rasmi

“Oilaviy bolalar uylari faoliyatini takomillashtirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–345-son, 04.08.2022 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Qarorga ko`ra, 2022 yil 1 sentyabrdan:

  • oilaviy bolalar uylari etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni (tarbiyalanuvchilar) oilaga tarbiyaga olishni istagan fuqarolar tomonidan yuridik shaxs maqomisiz tegishli tuman (shahar) hokimi qarori asosida tashkil etiladi;
  • oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar soni kamida 3 nafarni, lekin ko`pi bilan 5 nafarni tashkil qilishi lozim. Bunda, oilaviy bolalar uyini tashkil qilgan fuqarolarning o`z farzandlari hamda tarbiyalanuvchilarning umumiy soni 8 nafardan oshmasligi kerak;
  • oilaviy bolalar uylarini tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan fuqarolar tomonidan tashkil qilishga ruxsat etiladi;
  • oilaviy bolalar uylari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Milliy gvardiya hamda tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish sho``balari tomonidan amalga oshiriladi;
  • oilaviy bolalar uyini tashkil etish to`g`risidagi ariza bilan murojaat qilgan shaxslardan tegishli vazirlik va idoralarning elektron ma`lumotlar bazalaridan olish mumkin bo`lgan hujjatlarni talab qilish man etiladi.

2022 yil 1 sentyabrdan:

  • oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga har oyda Davlat byudjetidan:

oilaviy bolalar uyidagi har bir tarbiyalanuvchining yashash xarajatlari uchun 7 yoshgacha bo`lgan tarbiyalanuvchilarga BHMning 5 baravari (1,5 mln so`m) miqdorida, 8 yoshdan 18 yoshgacha tarbiyalanuvchilarga BHMning 7 baravari (2,1 mln so`m) miqdorida;

oilaviy bolalar uyidagi har bir tarbiyalanuvchini parvarish qilish uchun mehnatga haq to`lash eng kam miqdorining 1 baravari – 920 ming so`m, nogironligi bo`lgan bolalar uchun 1,5 baravari 1 mln 380 ming so`m miqdorida;

oilaviy bolalar uyiga tarbiyaga olingan har bir nogironligi bo`lgan bolani davolash-sog`lomlashtirish uchun har oyda BHMning 1 baravari (300 ming so`m) miqdorida mablag` ajratiladi;

  • oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarning yashash xarajatlari uchun ajratilgan mablag`lar har oyning 5-sanasiga qadar tutingan ota-ona nomiga ochilgan bank plastik kartasiga to`g`ridan-to`g`ri o`tkazib beriladi;
  • oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarga hududda joylashgan davlat sport majmualari, ma`naviy-ma`rifiy maskanlar, to`garaklar, ot sporti seksiyalari, “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa o`quv markazlaridagi to`garaklar va kurslarga bepul qatnashish huquqi beriladi;
  • oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar uchun:

O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi tomonidan yiliga bir marotaba sog`lomlashtirish oromgohlarida dam olish uchun bepul yo`llanmalar ajratiladi;

tuman (shahar) hokimliklari tomonidan bir yilda ikki marotaba respublikamizning tarixiy shaharlariga bepul sayohatlar hamda teatr tomoshalari va konsert dasturlari tashkil etiladi;

  • oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar davlat davolash-profilaktika muassasalari tomonidan bir yilda ikki marotaba bepul to`liq tibbiy tekshiruvdan o`tkaziladi;
  • oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarga mazkur qarorga muvofiq berilayotgan sog`lomlashtirish oromgohiga va sayohatga borish, teatr tomoshalari va konsertlarda qatnashishga oid imtiyozlar oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarning o`z farzandlariga ham tatbiq etiladi.

 

    Boshqa yangiliklar