Prezidentning Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonalariga joriy yilning 6 oyi davomida 10 ming 61 ta murojaat kelib tushgan bo`lib, ularda 11 mingga yaqin masalalar ko`tarilgan. Bu murojaatlarning 6 ming 640 tasi ijobiy hal qilinib, 1 ming 910 ta masalaga tushuntirishlar berilgan bo`lsa, qolganlari ko`rib chiqish jarayonida.
Aniq misollarga o`tsak. Kattaqo`rg`on tumanidagi 50-umumta`lim maktabi 420 o`rinli bo`lsa-da, o`quvchilar soni 780 nafardan oshib ketgan. Sinfxonalar etishmasligi, tabiiyki, o`qituvchilar uchun ham, o`quvchilar uchun ham o`ziga xos muammolarni keltirib chiqarib, ta`lim sifatiga salbiy ta`sir ko`rsatayotgan edi. Hudud aholisi murojaatlaridan so`ng, bu masala sektor rahbarlari bilan birga o`rganildi, kengashildi. Natijada bu masala taklifga aylanib, tegishli dasturlarga kiritildi, uning moliyaviy asosi paydo bo`ldi.
Ayni paytda bu erda dastur asosida qiymati 980 million so`mlik 120 o`rinli qo`shimcha bino qurilishi boshlandi. Qo`shimcha bino 8 ta yangi sinfxona, faollar zalini o`z ichiga oladi, bu bilan o`quvchi sig`imi bilan bog`liq masala hal qilinadi.
Pastdarg`omtumani markazidan 25 kilometr olisda, Nurobod tumani bilan chegaradosh hududda joylashgan Elbek, Sariko`l, Kanalyoqa va Umakay mahallalari aholisini ham shunga o`xshash masala o`ylatib kelardi. Sababi to`rt mahalladagi 475 nafar o`quvchi 10-sonli umumta`lim maktabga qatnashar, maktabdagi sharoitsizlik esa zamonaviy ta`lim berishga xalal qilayotgan edi. Aholi murojaatidan bu erda ham tegishli dasturlar asosida 1968 yilda dala shiyponi o`rnida tashkil qilingan maktab binosini ta`mirlash, o`quvchilar uchun munosib sharoitlar yaratishga kirishildi. Buning uchun dastur asosida 2 mlrd 850 million so`m mablag` ajratildi va uch qavatdan iborat 360 o`rinli zamonaviy maktab binosi qurib berildi.
Ayni kunlardaOqdaryo tumani “Pichoqchi” mahallasidagi 30-umumta`lim maktabi pedagogik jamoasining ta`lim muassasasi binosini kapital ta`mirlash bo`yicha murojaati ham hal etilib, maktab bosh-oyoq rekonstruksiya qilinmoqda.
Hudud aholisining mahalla markazi binosini ta`mirlash masalasidagi murojaati ham Xalq qabulxonasi tomonidan nazoratga olinib, tegishli dasturlarga kiritildi. Mazkur dastur asosida mahalla markazi uchun barcha qulayliklarga ega bino qurilib, foydalanishga topshirildi.
Samarqand tumani Qo`shtamg`ali mahallasi aholisi esa ichimlik suvi ta`minotidagi masalalarga echim so`rab murojaat qilishgandi. Bu masala ham mas`ullar bilan birga joyiga chiqib o`rganildi. Shundan so`ng mahalliy dastur asosida ta`mirlash ishlari bajarilib, xonadonlarga obi-hayot kirib keldi.
Payariq tumani Birlashuv mahallasida yashovchi Dilorom Ashurova ham toza ichimlik suvi muammosiga echim so`ragandi. O`rganishlar hududdagi Qiyra, Qorakamar, To`rtkul va Birlashuv qishloqlaridagi 787 ta xonadonning etmish foizdan ortig`i ichimlik suvi tarmog`iga ulanmaganini ko`rsatdi. Murojaat taklifga, taklif loyihaga, loyiha esa dasturga aylandi. Ayni paytda Dilorom Ashurova murojaatidan sung mahallada ikkita suv inshooti qurilishi va 21 km suv tarmog`ini tortish ishlari boshlab yuborildi. Mutaxassislarning aytishicha, loyiha qiymati –qariyb 7 mlrd so`m bo`lib, bu 540 ta xonadonga obodlik kirib keladi.
Murojaatlar asosida tadbirkorlik, mehnat va bandlik, mahalla, oila, xotin-qizlar yo`nalishiga oid masalalarni hal qilishga ham katta e`tibor qaratilmoqda. Aytaylik, Qo`shrabotning “Yangiqishloq” mahallasida “Ayollar daftari”ga kiritilgan Yulduz Isroilovaga, murojaatidan so`ng o`z tomorqasida issiqxona qurish uchun kredit ajratildi. Yoxud Ishtixonning “Katta qang`li” mahallasida yashovchi Go`zal Aliqulova, “Xonaqa” mahallasida istiqomat qiluvchi Ilhom Jozilovning ham kam foizlik imtiyozli kredit olish uchun bilan bog`liq masalalari hal qilib berildi.
Qo`shrabot tumani Sohibkor mahallasida yashovchi Nargiza Ochilovaningmurojaati ham ijobiy hal etildi. 5 nafar farzandni tarbiyalab voyaga etkazayotgan bu ayolning turmush o`rtog`i bosh miya operasiyasini boshdan o`tkazgandan so`ng mehnatga layoqatini yo`qotadi. Ikki nafar farzandi talaba bo`lgach ro`zg`or xarajatlari ko`payib, turmush o`rtog`ini davolatishga mablag` topa olmagan Nargiza Ochilovaayni masalada yordam so`rab murojaat qildi. Mutasaddilar bu masalani joyiga chiqib o`rgangach, bemorga amaliy yordam ko`rsatilib, sog`lig`ini tiklab olishiga ko`maklashildi.
Tumanning “Mayintepa” mahallasi hududida joylashgan “Kamarovul” qishlog`ida istiqomat qilayotgan Rayhona Shukurova 2022 yilning 1-martida Toshkentda akademik Voxidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida jarrohlik amaliyotini boshdan o`tkazdi. Tug`ma yurak nuqsoni bilan bolaligidan kurashib kelayotgan bu qizning darddan forig` bo`lib, sog`ayib ketishida Xalq qabulxonasi amaliy yordam ko`rsatdi.
Oqdaryo tumani“Navro`z” mahallasida yashovchi Matluba Umirovaning uch farzandi bor. “Ayollar daftari”da ro`yxatda turuvchi bu ayolning murojaatidan so`ng uning uyi ta`mirlab berildi.
Ishtixonlik Nodira Hamroevaning boquvchisini yo`qotgani, 5 farzandini yolg`iz o`zi ulg`aytirayotgani, ko`p yillardan buyon ijarada yashab kelayotgani inobatga olinib, yolg`iz ayol ijtimoiy uyga joylashtirildi.






